Sport | 19:15 / 21.10.2017
8946
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonlik sambochi qiz Serbiyadan oltin medal olib keldi

20 oktabr kuni Nukus aeroportida Serbiya davlatida 12-16 oktabr kunlari  sambo kurashi bo‘yicha 1999-2001 yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Jahon chempionatining birinchi o‘rin sovrindori Klara Darmenbayevani kutib olish marosimi o‘tkazildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston axborot agentligi xabar berdi.

Uni sport faxriylari, Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi, sportchining tug‘ilib o‘sgan joyi – Nukus tumani Samanboy OFY vakillari, Nukus shahar xotin-qizlar bo‘limi va OAV vakillari kutib oldi. 

Jahon chempionatida 50ga yaqin davlatlar sportchilari ishtirok etib, unda K.Darmenbayeva 60 kg. vaznda qatnashdi. 

U sportning sambo turi bilan 8 yildan buyon shug‘ullanib kelmoqda. Shuning natijasida ikki karra Osiyo chempioni, bir necha marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. O‘tgan yili Ruminiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatida 2-o‘rin sohibasi bo‘lgan. Bu yilgi chempionatda omad unga kulib boqib, Polsha, Serbiya, Rossiya davlatlaridan qatnashgan sportchilardan ustun kelib, oltin medal bilan mukofotlandi. 

Klara sportning kurash, dzyudo turlari bilan ham shug‘ullanadi. O‘tgan yili aprel oyida Samarqand viloyatida o‘tkazilgan dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 1-o‘rinni egallab, Qoraqalpoq davlat universiteti jismoniy tarbiya va madaniyati fakultetiga imtihonsiz o‘qishga qabul qilingan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid