Jahon | 18:20 / 25.10.2017
3561
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Shengenda xorijliklarni nazorat qilish bo‘yicha yangi tizimni tasdiqladi

Yevroparlament chorshanba kuni Strasburgdagi yalpi sessiyada Yevroittifoqda Shengen hududi chegaralarida uchinchi davlatlar fuqarolarining kirish-chiqishini, shuningdek, ular tomonidan Shengenga kirishda berilgan rad javoblarini avtomatik tarzda qayd etish tizimini qo‘llash haqidagi direktiva loyihasini ma'qulladi. 

Yevrokomissiya qonunchilik tashabbusini 477 deputat ma'qullagan bo‘lsa, 139 deputat qarshi ovoz bergan. 

«Kirish-chiqish» tizimiga ko‘ra, uchinchi davlat fuqarosi o‘zining xorijga chiqish pasportini skanerdan o‘tkazadi. Ayni damda Shengen hududiga kirayotgan va undan chiqayotgan xorijliklar pasportiga chegarani kesib o‘tish chog‘ida muhr qo‘yiladi. Shu bilan birga, muhrning soxtalashtirilishi ham uchrab turadi.

YeI Kengashidan aniqlik kiritishlaricha, yangi tizim Shengenga vizalar orqali kiruvchi xorijliklarga ham, YeI bilan qisqa muddatli tashriflar uchun vizasiz rejimga ega davlatlar fuqarolariga ham tegishli bo‘ladi.

Yangi tizimda yo‘lovchilar haqidagi biometrik ma'lumotlar, ular tomonidan safar hujjatlarining foydalanishi bo‘yicha axborot saqlanadi. Bu ma'lumotlarning saqlanish muddati uch yil bilan cheklangan, Shengenda bo‘lish muddatini o‘tkazib yuborgan xorijliklar uchun esa – besh yilni tashkil qiladi.

YeIdan taxmin qilishlaricha, yangi loyiha nafaqat ichki xavfsizlik va terrorizm bilan kurashni mustahkamlaydi, balki chegara nazoratidan o‘tish vaqtini qisqartiradi hamda Shengen hududida bo‘lishga ruxsatnomasi muddatini o‘tkazib yuborgan xorijliklarni aniqlashda ham qo‘l keladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid