Light | 11:30 / 25.10.2017
26147
7 daqiqa o‘qiladi

Mark Tsukerberg o‘z milliardlarini nimalarga sarflaydi?

Foto: Getty Images

Tsukerbergning kapitali har yili o‘rtacha 9 milliard dollarga oshib bormoqda - biroq uning mol-mulki ro‘yxatida na yaxtalar, na superkarlar va na xususiy samolyotlarni ko‘rish mumkin. BusinessInsider nima uchun shunday ekaniga izoh berdi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining 33 yoshli asoschisi va rahbari Mark Tsukerberg 74 milliard dollar mablag‘ga ega - yillar o‘tgan sari bu raqamlar o‘sib bormoqda.

Bloomberg's Billionaires Index'ga ko‘ra, Tsukerberg sayyoraning eng badavlat kishilari orasida beshinchi o‘rinni egallaydi, biroq u hashamatdan yiroq. Eng yangi avtomobillar, dizaynerlik liboslari va kurortlar bo‘ylab sayohatlar - bularning bari unga xos emas.

"Hadya va'dasi" filantrop tashkiloti va Chan Zuckerberg Initiative fondi hammuassisi Mark Tsukerberg o‘z boyligining katta qismini xayriyaga safarbar etadi. 

Xo‘sh, Mark Tsukerberg va Pristsilla Chan o‘z milliardlarini nimalarga sarflashadi?

Foto: Shannon Stapleton/Reuters

2012 yilning mayida, ya'ni asos solingan kunidan sakkiz yil o‘tib, Facebook Nyu-York fond birjasida debyut qildi. O‘shanda bu voqea tarixdagi eng yirik texnologik IPO sifatida jarang sochgandi. Shundan buyon Tsukerberg aktivlarining sof bahosi o‘rtacha 9 milliard dollarga oshib bordi.

Foto: Facebook/Zuck

Dunyoning eng badavlat texnomagnatlaridan biri mavqeiga qaramay, Tsukerberg turmush o‘rtog‘i Pristsilla Chan va ikki qizalog‘i bilan kamtarona hayot kechiradi.

Drew Angerer / Staff

Tsukerberg Kremniy vodiysining ko‘plab boshqa gigantlari kabi shaxsiy dress-kodini ma'qul ko‘radi. Bir qaraganda, uning kulrang futbolkalarida jalb qiladigan hech narsa yo‘q, shunday bo‘lsa-da, ular mashhur brendlar tomonidan ishlab chiqariladi va ko‘rinishiga nisbatan ancha qimmat - yuzlab, ehtimol minglab dollar.

Getty Images/Kevork Djansezian: 

Bundan tashqari, Tsukerberg nisbatan arzon avtomobillardan foydalanadi. Uni Acura TSX, Volkswagen xetchbeki va Honda Fit mashinalari boshqaruvida ko‘rishgan - bularning hech biri 30 ming dollardan oshmaydi.

Foto: Zillow

Tsukerberg pulini ayamaydigan yagona narsa - ko‘chmas mulk. 2011 yilning may oyida u Palo-Altoda 7 million dollarga 500 kvadrat metr maydonga ega uyni xarid qildi va uni sun'iy intellekt bilan ta'minladi. Bir yo‘l o‘tib u atrofdagi ko‘chmas mulklarni xarid qila boshladi, u shu tariqa to‘rt qo‘shni uyga 30 million dollardan ortiq pul sarfladi, milliarder ularning barini buzib, boshidan qurdirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek San-Frantsiskodagi Mishen-Distriktda uning taunxausi bor. 2013 yilda Tsukerberg 510 kvadrat metrdan ziyod maydonga ega uyni sotib oldi va uni ta'mirlash ishlariga 1 million dollardan ortiq pul sarfladi: u asosiy ta'mirlovdan tashqari issiqxonani qurib bitkazdi va oshxonani qayta qurdi.

Foto: Trulia

2014 yilda milliarder o‘z ko‘chmas mulki geografiyasini kengaytirdi. U Kauai (Havayi) orolida Pila-Bich sohili (160 gektar)ni va Kaxuayna sobiq shakar qamish plantatsiyasi (145 gektar)ni qo‘lga kiritdi. Tsukerbergning so‘zlariga ko‘ra, u va ayoli mazkur makonni uning tabiiy go‘zalligini saqlab qolish maqsadida sotib olishga qaror qilgan.

Foto: Facebook/Zuck

Tsukerberg ko‘p sayohat qilmaydi. Biroq biror joyga dam olishga ketganida Facebook uning barcha xarajatlarini qoplaydi. 2015 yilda Markning xavfsizligini ta'minlash va uning parvozlari narxi kompaniyaga 5 million dollarga tushdi.

Foto: Facebook/Zuck

Joriy yilda xarajatlar ancha ko‘p bo‘lishi kutilmoqda, zero Tsukerberg butun yoz 2017 yilgi "har bir shtatda bo‘lish" rejasini amalga oshirib, Amerika bo‘ylab sayohat qildi. Noodatiy tur davomida SeO Ohayodagi uyida oilaviy tushlik tashkil qildi, sobiq giyohvandlar bilan uchrashdi, Ford zavodi konveyerida ishladi, harbiylar bilan muloqotda bo‘ldi va hatto buzoq boqdi.

Foto: Facebook/Zuck

Mark o‘z sarguzashtlarini Facebook sahifasiga joylab bordi - Tsukerberg ularning barida baxtiyor ko‘rinardi. U boylikni birinchi o‘ringa qo‘ymaydi va asosiysi - pullarni sarflash emas, ularni bo‘lishish, deb hisoblaydi.

Foto: Beck Diefenbach/Reuters

"Hadya va'dasi" ishtirokchisiga aylangan Tsukerberg xayriyani o‘zining asosiy missiyasi deya e'lon qilgan Bill Geyts, Uorren Baffet va yuzlab boshqa milliarderlar qatoriga qo‘shildi. U o‘z hayoti davomida o‘zining Facebook'dagi 99 foiz aksiyasini sotishni rejalashtirmoqda.

Foto: Tumblr

Tsukerberg Facebook kelajagini to‘liq nazorat ostida ushlamoqda, zero kompaniyada so‘ngi qaror unga tegishli. 2016 yilning aprelidan ijtimoiy tarmoq aksiyalari narxi 50 foizga oshdi va Tsukerberg Chan Zuckerberg Initiative fondini moliyalashtirish maqsadida ularning sotuvini tezlashtirish niyati haqida ma'lum qildi. Kelgusi 18 oy davomida u umumiy summasi 6-12 milliard dollar bo‘lgan 35-75 million aksiyani sotishni rejalashtirmoqda.

Foto: AP

Uning ba'zi Facebook aksiyalari Zuckerberg Initiative fondiga yo‘naltiriladi. Tsukerberg va Chan bu tashkilotga 2015 yilda asos solishgan. U "shaxsiy o‘sish, kasalliklarni davolash, aloqalarni mustahkamlash va sog‘lom jamiyat yaratish"ni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Foto: Rick Wilking/Reuters

Chan Zuckerberg Initiative ham mintaqaviy, ham global darajali muammolarni hal qiladi. O‘tgan yili Tsukerberg va Chan turli kasalliklarga qarshi kurashga yo‘naltirilgan tadqiqotlarga 3 milliard dollar sarflashdi. Bundan tashqari, joriy yuz yillik oxiriga borib dunyo ahlini to‘liq davolash ham fond rejalarida bor. 2017 yilda fond Landed uy-joy loyihasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi va Redvud-Siti hamda Palo-Alto sharqidagi (Kaliforniya) kamida 60 nafar o‘qituvchi uchun ko‘chmas mulk xarid qilishga 5 million dollar taqdim etdi.

Mavzuga oid