Jahon | 21:40 / 27.10.2017
10717
2 daqiqa o‘qiladi

Puchdemon Kataloniya bo‘yicha bayonot berdi

Kataloniya rahbari Karles Puchdemon bugundan mintaqa ozod hudud ekanini ma'lum qildi.

«Kataloniya hamisha bor bo‘lgan va u ozod bo‘ladi. Hukumat xalqning xizmatida. Og‘ir damlarda ham va bayramlarda ham birga bo‘ladi», — deya yozgan u o‘z tvitterida.

U shuningdek, Yevropa kengashi raisi Donald Tuskning bayontiga munosabat bildirdi. Tusk biroz avvalroq YeI Ispaniya bilan bu masalada muzokaralarni davom ettirishini va Ispaniya hukumati kuch ishlatmasligiga umid qilishini bildirgandi.

«Ma'lumingizkim, kataloniyaliklar hamisha ushbu kuchlarni afzal ko‘radi: #tinchlik, #demokratiya, #muloqot», — deya qayd etgan Puchdemon.

Bugun, 27 oktabr kuni Kataloniya parlamenti mintaqa Ispaniyadan mustaqil bo‘lganini rasman tasdiqlaydigan rezolyutsiyani imzoladi. Bir soat vaqt o‘tib Ispaniya Senati Konstitutsiyaning 155-moddasini qo‘llashni ma'qulladi. Bu moddada muxtor hudud mamlakatdagi tartibga daxl qilgan paytda muxtoriyat huquqi to‘xtatilishi belgilangan. Shu tariqa, senat Kataloniya muxtoriyati rahbariyatini hokimiyatdan chetlashtirib, mintaqada Madridning bevosita boshqaruvini joriy etish haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi.

Mavzuga oid