Jahon | 21:26 / 28.10.2017
13734
2 daqiqa o‘qiladi

Orolchada moxlardan "YoRDAM" so‘zini tuzib chiqqan erkak qutqarildi

Boltiq dengizida bir o‘zi qayiqda suzib, falokatga uchragan rossiyalik Shvetsiya sohillarida qutqarib olindi. Qutqaruvchilar uni kichik orolchada payqab qolishgan. U e'tiborni jalb qilish maqsadida orolchada moxlardan inglizcha "Help" (Yordam) so‘zini tuzib chiqqan.

Erkakning ismi ma'lum qilinmagan. Rossiyaning Shvetsiyadagi vakolatxonasida rossiyalikning qutqarib olingani haqidagi xabarga hech qanday izoh berilmagan. 

Erkak shifoxonaga olib borilgan, uning hayotiga nimadir xavf solayotgani haqida ma'lumot berilmagan. 

SVT’ning xabar qilishicha, 23 oktabrda rossiyalik Stokgolmdan qayiqda Ispaniya tomon jo‘nagan. Ikki kundan keyin u yaqinlari bilan aloqaga chiqmay qo‘ygan. Shundan keyin sayyohning yaqinlari Shvetsiyaning tegishli idoralariga murojaat qilishgach, qidiruv ishlari boshlangan.   

27 oktabr ertalab qutqaruvchilar dengizda sayyohga tegishli buyumlarni aniqlashgan. Bu esa sayyohning qayig‘i falokatga uchragani, uni "tirik holda topish imkoniyati kichikligini" anglatgan. Biroq bir necha soatdan keyin erkak orolchada topilgan.  

Qayiqning falokatga uchrashiga nima sabab bo‘lgani ma'lum qilinmagan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid