O‘zbekiston | 16:30 / 02.11.2017
11879
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya O‘zbekiston Prezidentining keng ko‘lamli islohotlarini qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: President.uz

Oktyabr oyi oxirida Berlindagi Sharq-Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazida "O‘zbekiston: yangi Prezident boshqaruvi ostidagi bir yil" mavzuidagi brifing bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ekspertlari, shuningdek Germaniya TIV, K.Adenauer jamg‘armasi, Ilm-fan va siyosat jamg‘armasi va GFRning boshqa yetakchi akademik va tadqiqot doiralari vakillari ishtirok etishdi.

Brifing davomida germaniyalik ishtirokchilar 2017-2021 yillar uchun Harakatlar strategiyasining besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan davr ichida amalga oshirilgan ishlar natijalari bilan tanishtirildi. Xorijiy ekspertlarning ta'kidlashicha, Germaniya O‘zbekistondagi joriy yangilanish va modernizatsiya jarayonlarini diqqat bilan kuzatmoqda. Ularning baholariga ko‘ra, Berlin Prezident Shavkat Mirziyoyevning ichki va tashqi siyosatdagi yangi strategik yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlaydi. 

O‘zbekiston Prezident Virtual qabulxonasining aholi bilan ish olib borish tajribasining joriy qilinishi xorijiy mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularning nuqtai nazariga ko‘ra, bu davlat va jamiyat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatilishida "noyob tajriba" bo‘ldi. Ilm-fan va siyosat jamg‘armasi ekspertlarining ta'kidlashicha, "qisqa vaqt ichida ushbu mexanizm orqali millionlab o‘zbek fuqarolarining muammolari hal qilingani quvonarli holat". 

Shu bilan birga, germaniyalik ekspertlar O‘zbekiston Markaziy Osiyo va butun dunyoga ochiqlikni namoyish etib, xalqaro hamjamiyatga "kuchli signal" berganini qayd etishdi. Bundan tashqari, ularning fikricha, Toshkentning bunday faol siyosati mintaqadagi mamlakatlararo munosabatlarga mutlaqo yangi dinamika berdi. 

Brifing qatnashchilari fikriga ko‘ra, Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda "tarixiy o‘zgarishlar"ga start berdi. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarining xarakteri va yo‘nalishi mamlakatning jahon ishbilarmon doiralari uchun iqtisodiy jozibadorligini oshirib, mintaqadagi siyosiy iqlimning sezilarli darajada yaxshilanishiga olib keldi.  Bunday tendensiya davlatlararo munosabatlarning chuqurlashuvi va mintaqaviy hamkorlikning faollashuvi tarafdori bo‘lgan Germaniyada ijobiy qabul qilinishi shubhasiz.

Mavzuga oid