Jahon | 10:40 / 07.11.2017
24430
3 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp Janubiy Koreyaga keldi. Tashrifdan maqsad nima?

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan keldi. Bortida Amerika yetakchisi bo‘lgan samolyot Seuldan 60 km. uzoqlikdagi AQShning Osan harbiy-havo bazasiga qo‘ndi.

Tramp yetib kelganidan so‘ng vertolyotga o‘tirib, AQShning Pxyontxek shahridagi yangi harbiy bazasi - Kemp Hamfrizga jo‘nab ketdi. U bazadan chiqib Seulga boradi va prezident Mun Chje In bilan uchrashadi. Kutilishicha, tashrifning asosiy mavzusi KXDR raketa-yadro muammosi, shuningdek, AQSh hamda Koreya Respublikasi o‘rtasida erkin savdo bo‘yicha kelishuv masalasi bo‘ladi.

Kun amerikalik mehmon sharafiga qabul va KBS telekompaniyasi orkestrining konserti bilan tugaydi. Janubiy Koreya OAV ma'lumotlariga ko‘ra, qabulda har ikki tarafdan taxminan 120 kishi ishtirok etadi.

Shuningdek, Tramp chorshanba kuni AQShning Seuldagi elchixonasi xodimlari bilan uchrashadi, Janubiy Koreya Milliy majlisida chiqish qiladi. U Xitoyga jo‘nab ketishidan avval Seul davlat qabristoniga ham borib, halok bo‘lgan askarlar xotirasiga hurmat bajo keltiradi. 

Foto: Reuters

So‘nggi bor Oq uy rahbari bu davlatga chorak asr muqaddam davlat tashrifi bilan kelgan. O‘shandan beri Amerika yetakchilari respublikaga faqatgina amaliy safarlar uyushtirishgan.

Trampning Janubiy Koreyaga safari uning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘ylab turnesining bir qismidir. Oq uyning bildirishicha, 14 noyabr kuni yakuniga yetadigan safarning bosh maqsadi – Pxenyanga yadroviy qurol bo‘yicha harakatlarini to‘xtatishi uchun diplomatik hamda iqtisodiy bosimni kuchaytirish haqida kelishib olish. Boshqa ustuvor vazifa – mintaqada AQSh iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish hamda Xitoy bilan o‘rtadagi savdo muammolarini bartaraf qilish.

Qayd etilishicha, Amerika prezidenti boradigan barcha davlatlarga aloqador muhim mavzu – bu iqtisodiyot. Tramp Janubiy Koreya bilan besh yil avvalgi erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvni tezroq qayta ko‘rib chiqishni xohlamoqda, sababi amerikaliklarda 2011 yildan beri tovar defitsiti deyarli ikki barobarga o‘sdi.

Ta'kidlab o‘tish lozimki, Trampning Janubiy Koreyaga safaridan besh kun oldin ikkita B-1B strategik bombardimonchisi ushbu davlatga olib kelindi. Bu KXDRga ogohlantirish sifatida qilingan. Bundan tashqari, AQShning birdaniga uchta atom aviatashuvchisi - "Ronald Reygan", "Teodor Ruzvelt" hamda "Nimits" Koreya yarim oroli yaqinidagi suvlarda qolmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid