O‘zbekiston | 01:49 / 10.11.2017
58024
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorning yo‘liga to‘siq qo‘yish – bu Prezident siyosatiga qarshi chiqish

Foto: President.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida barcha bo‘g‘indagi rahbarlar, ayniqsa, joylardagi hokimlar va mansabdorlarni ogohlantirdi.

"Yaqinda Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan bu yilgi biznes sohasidagi xalqaro reyting haqida ommaviy axborot vositalari xabar e'lon qildi. O‘zbekiston ushbu reytingda 13 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 190 ta mamlakat orasida 74-o‘rinni egalladi. Bu borada jahondagi eng ilg‘or 10 ta islohotchi davlat qatoridan joy oldik. Bu – juda katta yutuq, juda katta e'tirof.

Shu bilan birga, men kuni kecha Jizzaxda Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda bir fikrni alohida ta'kidlab aytdim: biz hali katta yo‘lning boshida turibmiz. Endigina birinchi qadamlarni tashlayapmiz, xolos.

Nafaqat biznes, balki boshqa sohalarda ham hali oldimizda juda katta vazifalar turganini, yechilmagan muammolar ham ko‘pligini ochiq tan olishimiz kerak.

Masalan, biznes sohasida joriy etilayotgan yangiliklar joylarda, jumladan, Samarqand viloyatida qanday qo‘llanmoqda, tadbirkorlar berilayotgan yengilliklarni amalda sezmoqdami yoki yo‘qmi, degan savollarga, afsuski, to‘la ijobiy javob topolmaymiz.

Shu munosabat bilan barcha bo‘g‘indagi rahbarlar, ayniqsa, joylardagi hokimlar va mansabdorlarni ogohlantirib aytmoqchiman: tadbirkorga madad berish o‘rniga uning yo‘liga to‘siq qo‘yish – bu Prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholanadi va shunga yarasha chora ko‘riladi", - deya ta'kidladi Prezident.

"Barchamiz bir haqiqatni tushunib olishimiz shart: tadbirkorlik va ishbilarmonlik xususiyatlari avvalo yoshlarga xos fazilat hisoblanadi. Demak, tadbirkorlikka yo‘l ochish – avvalambor yoshlarga, kelajakka yo‘l ochish demakdir.

Qaysi rahbar shuni to‘g‘ri tushunsa, albatta u boshqarayotgan tarmoqda, hududda samara, natija bo‘ladi. Kim buni tushunmasa, yaxshisi, u o‘z o‘rnini bo‘shatib qo‘ygani ma'qul. Chunki nafaqat yoshlar, balki zamon ham endi bunday rahbarlarni qabul qilmaydi", - deya ta'kidladi davlat rahbari.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid