Jamiyat | 18:27 / 23.11.2017
103657
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentlik 3 opa-singil o‘limining sababi ma'lum bo‘ldi

Toshkentning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar opa-singil noma'lum zaharlanish sababli hayotdan ko‘z yumgani haqida avval xabar berilgan edi. Munisa, Muxlisa va Mohira 8 noyabr kuni vafot etishgandi. Qizlarning eng kichigi shifoxonaga borishda tibbiy yordam mashinasida vafot etgan bo‘lsa, qolgan ikki nafari Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot institutiga olib kelingan, ammo hayotlarini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. 

Mash'um fojia: Toshkentda bir oilaning uch qizi birin-ketin vafot etdi

Shu kunlarda sud tibbiy ekspertizasining natijalari ma'lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, qizlar dori vositasini noto‘g‘ri iste'mol qilish oqibatida halok bo‘lishgan. Bu haqda UzNews.uz sayti ekspertiza bo‘lib o‘tgan Toshkent yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi manbasiga tayangan holda xabar qilmoqda

Ma'lum bo‘lishicha, qizlarga parazitlarga qarshi "Vermoks" (keng ta'sir qiluvchi antigelmint vosita) tavsiya qilingan. Biroq dorixonadagi farmatsevt shifokor yozuvini to‘g‘ri o‘qiy olmay "Verapamil" nomli dorini berib yuborgan. U yurak urushi buzilishi va gipertonik inqirozlarda qo‘llaniladi. 

Dori vositasini uzoq muddat mobaynida iste'mol qilish oqibatida qizlarda kardiogen shok – miokard qisqarish qobiliyatining pasayishiga olib kelgan. Bunda barcha a'zolar va to‘qimalarni qon bilan ta'minlash buziladi. Hayotni ta'minlaydigan ichki organlarning faoliyatini buzadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur ish yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi O‘zR JKning 186-moddasi 4-qismi "a" bandi, (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni sotish, saqlash yoki sotish, ishlarni bajarish yoxud xizmat ko‘rsatish, inson o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. 

Ayni vaqtda tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Bosh prokuratura uch opa-singil o‘limi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi (video)

3 opa-singil o‘limi bo‘yicha qaysi moddaga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi?

Mavzuga oid