Dam olish kuni ishlashdan qachon bosh tortish mumkin?
Dam olish kunlari bizga ishdan chalg‘ish va oila hamda do‘stlar davrasida hordiq chiqarish uchun beriladi. Ammo bu borada qonunchilikdagi o‘ziga xos jihatlarni bilmaslik, dam olish huquqidan mahrum etishi mumkin, deb yozmoqda Norma.uz.
Qonunchilikda dam olish vaqtiga shunday ta'rif berilgan: “Dam olish vaqti — xodim mehnat vazifalarini bajarishdan holi bo‘lgan va bundan u o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqtdir” (MK 126-modda). Sirasini aytganda, odamning ish joyida bo‘lmagan va ish haqida o‘ylamagan holati dam olish hisoblanadi.
Agar Sizning kasbingiz dam olish va bayram kunlarini ish rejimida o‘tkazishni taqozo qiladigan bo‘lsa, deylik, boshlovchi yoki to‘y tashkilotchisi bo‘lsangiz — bu sizning tanlovingiz sanaladi, ya'ni pul ishlab topish uchun Siz ixtiyoriy ravishda tanlagan usul. Ammo dam olish kuni ishga chiqish so‘ralganlar yoki shunga majbur etilganlar-chi? Ular qanday yo‘l tutishi kerak?
Birinchidan, bunday taklifga hech ikkilanmay, rad javobini berish mumkin. Chunki qonunchilikka ko‘ra, tashkilot yoki korxonalar va tadbirkorlar dam olish kunlari yoki bayram kunlari o‘z xodimlarini ishlatishi taqiqlangan (MK 130-modda).
Ikkinchidan, ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Quyidagi xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi:
• homilador ayollarni va 14 yoshga to‘lmagan bolasi (16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni (MK 228-modda);
• 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni (MK 245-modda);
• nogironlarni (dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga ularning roziligi bilangina, basharti ular uchun bunday ishlar tibbiy tavsiyalarda taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi) (MK 220-moddasi 5-qismi).
Bundan tashqari, garchi dam olish yoki bayram kuni ishga chiqishga rozilik bergan bo‘lsangiz-da, ushbu holatning ijobiy tomoni ham mavjud: ish beruvchi Sizning rejalashtirilmagan ishingizni ikki hissa qilib qoplashi yoki dam olishingiz uchun boshqa biror kunni taklif etishi darkor (MK 157-modda).
Kompensatsiyaning aniq miqdori esa jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda belgilanishi ko‘zda tutilgan. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.
Qolaversa, xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin.
Rahbariyat uchun Sizning roziligingiz yoki rad javobingiz hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmaydigan holatlar ham bor. Masalan,
• ishlab chiqarish-texnik sharoitlar va boshqa sharoitlarga ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda — uzluksiz ishlaydigan korxonalar, obektlarni qo‘riqlash, ularning xavfsizligini ta'minlash kabilar;
• aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati bo‘lgan ishlarda;
• kechiktirib bo‘lmaydigan ta'mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida.
Donorlik qilganlar uchun alohida holat
Shuningdek, qonunchilikda yana bir holat mavjud. Mehnat kodeksining 167-moddasiga ko‘ra, donorlik qiluvchi xodimlarga har safar quyish uchun qon topshirgan kunning albatta ertasiga dam olish uchun bir kun beriladi. Xodimning xohishiga ko‘ra bu kun ta'tilga qo‘shib berilishi ham mumkin. Tekshiruvdan o‘tadigan va quyish uchun qon topshiradigan kuni ishdan ozod etilgan davr uchun, shuningdek dam olish kunlari xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
Hayotda hamma narsaning o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi: ish — ish vaqtida, hordiq chiqarish – buning uchun mo‘ljallangan pallada. Ishlab topayotgan pulimiz yoki haftadagi ish soatlarining qancha bo‘lishidan qat'i nazar, aynan dam olish kunlari odam o‘zini yanada baxtiyorroq his etar ekan. Bunday hissiyot hattoki ishsizlar va uy bekalariga ham begona emasligi isbotlangan. Kelasi safar sermahsul ishga “sozlanib” olish uchun dam olish kunlari sifatini oshirish xususida so‘z yuritamiz.
Mavzuga oid
19:31 / 14.11.2024
Aeroportga ishga joylashtirish evaziga 1,5 ming dollar olgan xodim ushlandi
15:53 / 07.11.2024
Yaponiya va Polshaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi
11:30 / 31.10.2024
Uch hududda fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
07:50 / 26.10.2024