Yo‘talga qarshi eng samarali retseptlar: xalqona usullar
Aksariyat kasalliklar uchun yaqin oradagi dorixonadan bir uyum dori vositalarini xarid qilish mumkin. Yo‘tal va burun bitishiga qarshi dorilar ham talaygina, biroq ularning bari uchun ancha pul sarflashga to‘g‘ri keladi, sinovdan o‘tgan xalqona retseptlar o‘z samarasiga ko‘ra ulardan qolishmaydi. Shunday ekan, holdan toydiruvchi yo‘taldan o‘z kuchingiz bilan xalos bo‘lishga harakat qiling. Don'tPanic yo‘taldan aziyat chekmasligingiz uchun yillar davomida sinalgan uy retseptlari bilan bo‘lishdi.
Piyozli damlama
Bu ichimlik bilan yo‘talni bemalol yengish mumkin. Buning uchun sizga 10 ta piyoz va 1 bosh sarimsoq kerak bo‘ladi. Ularni tozalab, sutga solib qaynating. Kuniga uch mahal bir osh qoshiqdan iching - ta'mi u qadar yoqimli emas, albatta, biroq foyda beradi.
So‘riluvchi konfetlar
Dorixonadan tayyor konfetlarni sotib olishga hojat yo‘q. Ularni uyda tayyorlagan oson va arzonroqdir. Qirg‘ichdan o‘tkazilgan bir choy qoshiq zanjabilga taxminan 250 gramm asal soling. Aralashmani olovda quyuq holatga kelgunicha qaynating, hosil bo‘lgan massani shaklchalarga joylab, biroz muzlating.
Giyohlar to‘plami
Barcha ingridiyentlarni istagan dorixonangizdan topishingiz mumkin. Sizga lipa gullari va qorag‘atning quritilgan barglari kerak bo‘ladi. Giyohlar to‘plamini qaynagan suvda qaynating, tindiring va kun davomida qabul qiling.
Mayiz va suv
Eng oddiy mayiz yo‘talga qarshi ajoyib vosita hisoblanadi. Shunchaki uning ustidan sovuq suv quying va bir kunga qo‘yib qo‘ying. Kechqurun esa mayizni iliq sut bilan iste'mol qilish mumkin. Yordam beradi!
Tropik ichimlik
Ikkita mayda to‘g‘ralgan bananni taxminan yarim litr sutda 30 daqiqa davomida qaynating. So‘ngra asal qo‘shing. Qarabsizki, yo‘talga qarshi vosita tayyor. Kuniga uch mahal iching va tez orada yo‘tal yengiladi.
Xantalli kompress
Yoqimsiz yo‘talga qarshi eng yaxshi vositalardan biri xantalli issiq kompresslar. Bir osh qoshiq xantalga bir osh qoshiq un, asal, o‘simlik yog‘i va aroq qo‘shiladi. Barchasi birga suv bug‘ida isitiladi, keyin esa undan kompress qilinadi. Uni tuni bo‘yi ushlashga to‘g‘ri keladi, shunday bo‘lsa-da, ikki-uch shunday jarayon anchaga yetadi.
Ingalyatsiya
Teng miqdordagi kalendula, qizil ildiz va evkalipt barglari ustidan bir stakan qaynagan suv quyib, oddiy damlama tayyorlang. 10 daqiqacha tindirib qo‘ying va ingalyatsiya qiling. Yodingizda bo‘lsin, harorat ko‘tarilgan vaqtda ingalyatsiya qilmagan ma'qul.
Mavzuga oid
12:53 / 10.11.2024
Yangi tadqiqot ijtimoiy tarmoqlarning zarari haqidagi stereotipni rad etdi
17:59 / 08.11.2024
Britaniyada erkak gazli ichimliklarga qaramlikdan qutulish uchun gipnozdan foydalandi
16:09 / 04.11.2024
Olimlar miyaning qarishini sekinlashtiradigan o‘yinni aniqladi
16:41 / 08.10.2024