Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 5 milliard dollarga yetkaziladi
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. 2016 yilda mamlakatlararo tovar aylanmasi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2017 yilning ilk 9 oyida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2,4 milliardni tashkil qilgan, bu o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 23 foizga ko‘p demakdir. KUN.UZ muxbiri Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenevning so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

"O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi 900dan ziyod korxonalar faoliyat yuritmoqda. Rossiya hududida esa taxminan 500 o‘zbek sub'yekti mavjud. Rossiyaning bugungi kunga qadar O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi 7 milliard dollardan oshadi. U O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkoridir", - deydi elchi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududida Rossiya ishtirokidagi eng yirik sarmoyaviy loyihalar qatorida Qandim gazni qayta ishlash zavodi, Jizzax neftni qayta ishlash zavodi, Toshkent viloyatida mis-boyitish kompleksini qurish, Bekoboddagi metallurgiya kombinati va Ohangarondagi sement zavodini modernizatsiyalash, "Gazprom"ning Qoraqalpog‘iston va Surxondaryodagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ustida birgalikda ishlar olib borilayotgani ta'kidlandi.
Vladimir Tyurdenev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashganini alohida qayd etdi. "Yaqinda Jizzax viloyatining Forish poligonida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya harbiy mashg‘ulotlari buning tasdig‘i bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya yuksak darajadagi idoralararo maslahatlashuvi ham shu maqsadlarga yo‘naltirilgan", - dedi u.

"O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining ustuvor qirralaridan biri madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikdir. O‘tgan yili O‘zbekistonda Rossiya kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi, joriy yilning sentabrida esa - Rossiyada O‘zbekiston kunlari. Nukus javohiri Savitskiy nomli davlat muzeyining Moskvadagi ko‘rgazmasi yorqin hodisa bo‘ldi. Mariinskiy teatri konserti, rossiyalik opera xonandasi Anna Netrebkoning konserti va ko‘plab boshqa tadbirlar o‘tkazildi.
Joriy yilning sentabr-oktabr oylarida butun Rossiya patriarxi Kirillning O‘zbekistonga tashrifi mamlakat hayotida muhim voqea bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash sohasida sezilarli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Rossiya va O‘zbekistonning yirik tibbiyot markazlari o‘rtasida 20ga yaqin hamkorlik hujjatlari imzolandi. Rossiyalik shifokorlar o‘zbek hamkasblariga tajriba ulashish maqsadida muntazam ravishda tashrif buyurishmoqda.
Ilm-fan sohasidagi hamkorlikka ham katta e'tibor qaratilmoqda. Ikki tomonlama asosda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etilmoqda. O‘zbekistondagi Rossiya oliygohlarida ta'lim oluvchi talabalardan tashqari, RFning o‘zida joylashgan oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan o‘zbek talabalar soni 22 mingga yaqinni tashkil qilmoqda", - dedi elchi.
Mavzuga oid
09:32
Bokuda sakkiz nafar Rossiya fuqarosi qamoq jazosiga hukm qilindi
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
12:13 / 19.06.2026
Moskvaga urush davridagi eng yirik hujum – suratlar
08:28 / 19.06.2026