Jahon | 18:13 / 02.12.2017
3790
1 daqiqa o‘qiladi

Liviyadagi qochqinlar soni rasmiy raqamlardagidan ancha ko‘proq bo‘lishi mumkin

Liviyadagi qochqinlar soni e'lon qilingan rasmiy raqamlar – 400 mingdan ancha ko‘proq, deb aytdi Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) vakili Leonard Doyl.

Doylning aytishicha, Liviyadagi qochqinlar soni bir milliongacha yetishi mumkin.

IOM vakili 2017 yilda qochqinlarni ko‘ngilli tarzda qaytarish dasturi doirasida Liviyadan 14 ming kishi samolyotlarda o‘z vatanlariga qaytarilganini ma'lum qildi. Yil oxirigacha Liviyadan yana 15 ming qochqinni olib chiqish rejalashtirilgan.

2011 yil 17 fevraldagi inqilobdan keyin Liviyada siyosiy beqarorlik hukm surib kelmoqda. Mamlakatda ikkita hukumat shakllantirilgan: Tobruk shahridagi Vakillar palatasi va Tripolidagi Umummilliy kongress. Ikkala hukumat bo‘ysunuvida qurolli tuzilmalar bor.

2015 yil 17 dekabrda BMT vositachiligida Marokashda Liviya bo‘yicha siyosiy kelishuv imzolangan va unga ko‘ra Milliy yarashuv hukumati yaratilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid