Jahon | 19:45 / 02.12.2017
9699
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda AQSh davlat qarzini ko‘rsatuvchi tablo yana ishlay boshladi

Foto: REUTERS / Shannon Stapleton

Nyu-Yorkning Tayms-skver tumanida AQShning davlat qarzini eslatib turuvchi tablo yana paydo bo‘ldi, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal nashri.

Tablo ekranida 14 raqamdan iborat son aks etib turibdi: unga ko‘ra, AQSh o‘z kreditorlariga 20 trln dollardan ko‘proq qarzni to‘lab berishi kerak. 

Yarim yil avval Durst Organization developer kompaniyasi tabloni yangilash uchun 160 ming dollar sarflagandi, biroq uning biroz eskirgan ko‘rinishiga tegmaslikka qaror qilingan. Kompaniya raisi Duglas Derstning aytishicha, bu “eskirgan” ko‘rinish odamlarga davlat qarzi muammosi anchadan beri dolzarbligini eslatib turadi.

“Bu hukumatga “cho‘ntakka qarab yashash kerak”ligini eslatib turadi”, deb aytdi Derst.

Kompaniyada davlat qarzi bilan bog‘liq vaziyat o‘zini bir vaqtlar “qarzlar qiroli” deb atagan va “o‘z boyligini kreditlar hisobiga orttirganini” tan olgan Donald Tramp prezidentligi vaqtida ham tubdan o‘zgarmasligi aytilmoqda.  

Ushbu tablo Nyu-York ko‘chalarida 1989 yildan ishlay boshlagan. Uni yaratish g‘oyasi Derstning otasi Seymur Derstga tegishli bo‘lgan. Qurilma o‘rnatilgunga qadar Seymur Derst har yili senatorlarga davlat qarzi qancha bo‘lganini eslatib turuvchi yangi yil tabrigini jo‘natib kelgan. Tablo o‘rnatilgan vaqtda AQSh davlat qarzi bor-yo‘g‘i 2,7 trln dollarni tashkil qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid