O‘zbekiston | 17:35 / 02.12.2017
19017
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiyalik jurnalistlarning O‘zbekiston haqidagi taassurotlari

Foto: KUN.UZ

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tashabbusi bilan Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohat qilgan 18 nafar turkiyalik jurnalistlardan ayrimlari KUN.UZ sayti uchun o‘zlarining taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Jumladan, «Anadolu» axborot agentligining Istanbuldagi mudirligi rahbari Husayn Oltinolan shunday dedi:

— Men muhtaram jumhurboshqonlarimizning Anqaradagi uchrashuvini katta qiziqish bilan tomosha qildim. Uchrashuv asnosida turkiyalik jurnalistlar O‘zbekistonga taklif etilgach, garchi Xitoyga borish uchun mo‘ljallangan xizmat safarim bo‘lsa ham, o‘zim O‘zbekistonga kelish uchun tashabbus bilan chiqdim.

Yurtingizning sayyohlik salohiyati nihoyatda katta. Bu yerdagi osori atiqalar, ziyoratgohlar turkiyaliklarda juda katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Men jahonning 122 ta davlatida bo‘lganman. Lekin bu qadar boy tarix, shu kunlargacha mehr bilan saqlanib kelgan inshootlarni kam uchratganman. Ba'zi davlatlar o‘zining 150–200 yillik tarixi ortidan turistlarni jalb qilib, iqtisodiyotini boyitmoqda, aholisini ish bilan ta'minlamoqda. Axir bu yerda 2700–3000 ming yillik tarix manaman deb bo‘y ko‘rsatib turibdi. Albatta bularning barisini dunyoga ko‘z-ko‘z qilish kerak.

Ingliz tilida ko‘rsatuvlar efirga uzatuvchi «TRT-world» muxbiri Erol Jivan va unga hamrohlik qilgan operator qizlar tashrifdan nihoyatda hayratda ekanligini yashirishmadi. Erol hattoki Samarqandga tashrifining ilk kunidayoq Registon maydonida xarid qilgan beqasam choponni egnidan tushirmadi. Yakuniy media anjumanga ham o‘sha chopon, Chust do‘ppi, belbog‘, mahsi kalishda kirib keldi.

— Menga Buxoro juda ham yoqdi, — dedi Erolga hamrohliq qilayotgan qizlardan biri Xadicha Meriya. — Ajib bir ertaknamo shahar ekan. Buxoroning o‘zi yoqqan bo‘lsa, uning ovqatlari jumladan moshli sho‘rvasi (moshxo‘rdani nazarda tutdi, shekilli) ta'mi og‘zimda qoldi.

 

O‘zaro suhbatda turk hamkasblarimiz tarixiy shaharlarimizning nihoyatda ozoda, ko‘chalari keng ekanligini ta'kidlashdi. Samarqandda tramvay bor-yo‘qligiga qiziqishdi. Shuningdek, turizmni rivojlantirish uchun reklama va tashviqotga juda katta e'tibor qaratish kerakligini aytib o‘tishdi. Chunonchi, O‘zbekistonda bunday tarixiy obidalar borligidan nafaqat Turkiyada, jahonda ham ko‘pchilik bexabar ekanligini aytib o‘tishdi. Bunga misol qilib, Ozarboyjonni keltirishdi.

«Gastronomik turizmni reklama qilib rivojlantirish kerak, — dedi «Turkiya gazetasi» muxbiri Ahmet Munir Eren. — Yemaklaringiz nihoyatda xilma-xil va totli ekan. Sizlarda dengiz, chang‘i sporti kabi dam olish zonalaridan ham ko‘ra avvalo tarixiy obidalar, ziyoratgohlaringiz va taomlaringiz bilan hammani mahliyo qilish uchun barcha sharoitlar muhayyo ekan».

Xorijlik hamkasblarimizning gap-so‘zlaridan xulosa qilish mumkinki, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, xorijiy davlatlarda targ‘ib qilish uchun nafaqat Turkiya, Yevropaning boshqa davlatlari, BAA, Kuvayt, Qatar kabi davlatlardan ham jurnalistlar uchun ham yurtimiz bo‘ylab infotur uyushtirish zaruriyati yuzaga chiqmoqda. Bu borada Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ hamjihatlikda ishlashi, loyihalar ishlab chiqishi, bu masalaga hukumat yoki davlatimiz rahbari darajasida e'tibor berilishi zarur bo‘ladi.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid