Jahon | 08:18 / 05.12.2017
7788
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Oliy sudi Trampning immigratsiya farmoni ijrosini tikladi

Foto: abc2news

AQSh Oliy sudi mamlakat prezidenti Donald Trampning immigratsiya bo‘yicha qabul qilgan farmoni ijrosini tikladi. Farmonda qator musulmon mamlakatlar, shuningdek KXDR va Venesuela fuqarolariga viza berishni taqiqlaydi. Bu haqda sud tarqatgan matbuot axborotnomasida so‘z yuritilgan. 

Unda ta'kidlanishicha, 9 sudyaning 7 nafari Oq uy ma'muriyati so‘rovini qanoatlantirish bo‘yicha ovoz bergan. Shu bilan quyi instansiyalar tomonidan sentabr oyida imzolangan farmon ijrosiga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. 

Shunday qilib, sud qarori hukumatga Suriya, Eron, Chad, Yaman, Liviya va Somali, KXDR hamda Venesuela fuqarolariga viza berishni taqiqlashga ruxsat beradi. Sud hujjatda o‘z qarorini izohlamagan, biroq ushbu ish bo‘yicha quyi instansiyalarda eshituvlar davom etishini kutayotganini bildirgan. Xususan, Kaliforniya shtati San-Frantsisko shahar apellyatsiya sudi va Virjiniya shtati Richmond shahar apellyatsiya sudida mazkur ish ko‘rilmoqda. Unda prezident mazkur farmonni imzolash bilan immigratsiya sohasidagi vakolatlarini suiiste'mol qilmayaptimi, degan savolga javob topishga urinib ko‘riladi. Ikki sud ham bu jarayonni tezlashtirgan holatda olib bormoqda. Shunga binoan Oliy sud ulardan aniq bir to‘xtamga kelishlarini kutmoqda.

Oq uy ma'muriyati ham Oliy sud qaroriga o‘z munosabatini bildirdi. Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Hogan Gidlining bayonot berishicha, Vashington ma'muriyati Oliy sud qaroridan "hayron qolgani yo‘q". "Farmon qonuniylik prinsiplariga asoslangan bo‘lib bizning mamlakatimizni himoya qilish uchun zarur", - deb qayd etgan Gidli. Uning qo‘shimcha qilishicha, Oq uy Tramp farmonini quyi instansiyalarda ham himoya qiladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid