Jahon | 07:16 / 05.12.2017
8583
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvaytda Fors ko‘rfazi arab davlatlari sammiti o‘z ishini boshlaydi

Foto: Getty Images

5 dekabrda Kuvaytda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashining (FKADHK) 38-sammiti o‘z ishini boshlaydi. Arab davlatlari yetakchilari birga yig‘ilishib, mintaqadagi oxirgi voqealarni muhokama qilishadi va albatta bunda Qatar atrofidagi vaziyatni hal qilish ustuvor masala bo‘lib qoladi. Bu masalani hal qilishda Kuvayt vositachilik qilmoqda.  

Bu orada sammitning rasmiy kun tartibi va uning ishtirokchilari to‘liq tarkibi hali ma'lum qilinmagan. Diplomatik manbalarga ko‘ra, 5 dekabrda Kuvaytga Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Qatar shayxi Tamim bin Hamad Ol Soniy, Bahrayn qiroli Hamad bin Iso Ol Halifa keladilar. Qatarning boykotini qo‘llab-quvvatlayotgan BAAdan kimlar ishtirok etishi hozircha noma'lumligicha qolmoqda.

Sammitda, shuningdek, Pentagon rahbari Jyeyms Mettis ham ishtirok etadi. U Kuvaytga bir necha kun oldin kelib, mamlakat rahbariyati bilan bir qator muzokaralar o‘tkazishga ulgurgan.

FKADHK mintaqaviy tashkilot bo‘lib, uning tarkibiga 6 ta davlat kiradi: Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Ummon va Saudiya Arabistoni. Tashkilotni tashkil etish haqidagi qaror 1981 yil 4 fevralda qabul qilingan.

Tashkilot unga a'zo davlatlarning barcha sohalar bo‘yicha hamkorligini kengaytirish, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.  

O‘tgan yilgi sammit 2016 yil 6-7 dekabr kunlari Bahraynda bo‘lib o‘tgan. Kuvaytdagi sammit ham 2 kun davom etadi.

Mavzuga oid