O‘zbekiston | 21:10 / 06.12.2017
33914
2 daqiqa o‘qiladi

Asakadagi avtomobil zavodida Islom Karimov yodgorlik majmuasi ochildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Asaka shahridagi avtomobil zavodiga Islom Karimov nomi berildi. Bu haqda UzAuto kompaniyasi Axborot xizmati xabar bergan.

Ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida yodgorlik majmuasini barpo etish loyihasi tayyorlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda Andijon viloyati hokimligi bilan kelishilgan holda qisqa vaqt ichida zavod hududida Islom Karimov yodgorlik majmuasi barpo etildi. 6 dekabr kuni ana shu majmuaning ochilish marosimi o‘tkazildi. Shu kunning o‘zida zavodda doimiy ravishda faoliyat yuritadigan «Islom Karimov va O‘zbekistonda avtomobil sanoatining rivoji» ko‘rgazma-muzey ish boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi bo‘lgan soha – avtomobilsozlik sanoatiga asos solishi va uni rivojlantirish tashabbusining hayotga tatbiq etilgani Istiqlol solnomasidagi muhim sahifalaridan biri bo‘lib qoldi. Asaka avtomobil zavodiga asos solinishida uning o‘zi bevosita ishtirok etgandi.

Bugun ushbu avtomobil zavodi O‘zbekistonning yetakchi sanoat korxonalaridan biri sanaladi. Asaka avtomobil zavodiga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti nomi berilishi – barcha xodimlarga iftixor tuyg‘usini bag‘ishladi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid