Jahon | 18:20 / 06.12.2017
30063
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda o‘zbek diasporasi vakili 15 yilga qamaldi 

Foto: Turkmaniston muqobil yangiliklari

Turkmanistonning Toshhovuzida dekabr oyida bir yildan ortiq vaqt davom etgan tergovdan so‘ng mamlakat Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining «Toshhovuz» ulgurji-chakana firmasi ishchilariga sud hukmi chiqarildi. Firmaning sobiq direktori Sharifboy Rayimboyev sanaladi, u Toshhovuz viloyatida yashovchi o‘zbek diasporasining yuqori lavozimni egallagan eng so‘nggi vakillaridan biri edi, deb xabar qildi «Turkmaniston muqobil yangiliklari».

Avvalroq, Sharifboy Rayimboyev yirik miqdordagi talon-torojliklar uchun qo‘lga olingani xabar berilgandi.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, sud Sharifboy Rayimboyevni 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida qarorni chiqardi. Jinoiy ishda ismlari zikr etilgan boshqa shaxslar ham uzoq muddatlarga qamaldi. Bosh buxgalter Vadim Xismatullin 7 yilga, qurilish bo‘yicha buxgalter 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Hammasi bo‘lib 39 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi hamda ularning bari Turkmaniston JKning tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi va turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi.

Toshhovuzning qator fuqarolari Turkmaniston prezidentidan bu hukmni qayta ko‘rib chiqishni so‘rashi uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilmoqchilar, deb ta'kidlaydi nashr.

«Biz Shavkat Miromonovichga maktub yozamiz, garchi Turkmaniston maxsus xizmatlari bunga xalaqit berishga urinishini ham bilamiz. Shuning uchun Sharifboy aka ustidan o‘tkazilgan sud haqidagi ma'lumotni e'lon qilishni iltimos qilamiz hamda o‘zbek OAV bu ma'lumotni qayta joylashtirishiga umid qilmoqdamiz va shu tariqa u prezident Mirziyoyevga tezroq yetib boradi», - deya aytib o‘tgan nashr muxbiriga manbalardan biri.

Mavzuga oid