Jahon | 22:40 / 10.12.2017
18158
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston prezidenti 4 vazirni ishdan olib tashladi  

Foto: Getty Images

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov ishida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 4 vazirni bir vaqtning o‘zida ishdan olib tashladi.   

“Neytralnyy Turkmenistan” hukumat gazetasining ma'lum qilishicha, Berdimuxamedov bu qarorni yilning 11 oyi natijalariga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishida  qabul qilgan. 

Sanoat vaziri Amanberdi Tuyliyev, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri, Pensiya jamg‘armasi boshqaruv raisi Seyitmammed Akmammedov, temir yo‘l transporti vaziri Daryoguli Bashimov hamda qishloq va suv xo‘jaliklari vaziri Nursaxad Sapardurdiyev iste'foga chiqarilgan.

Turkmanistonning iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha davlat xizmati direktori Mammetxon Chakiyevning ma'lum qilishicha, yuqoridagi vazirliklarda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida mas'ul shaxslar tomondan xizmat lavozimini suiste'mol qilish, poraxo‘rlik, korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘g‘irlash holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. 

Berdimuxamedov qarori bilan sanoat vaziri etib Karim Durdimiradov tayinlangan. Avval u “Turkmenstandartlari” davlat xizmati raisi bo‘lgan. Qolgan vazirliklarda vazir lavozimini o‘rinbosarlar vaqtinchalik bajarib turadilar.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid