Jahon | 23:30 / 12.12.2017
7676
4 daqiqa o‘qiladi

Facebook'ning sobiq vitse-prezidenti ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdan voz kechdi

Foto: EAST NEWS

Facebook'ning sobiq vitse-prezidenti ijtimoiy tarmoqlar butun dunyodagi odamlarga qanday zarar yetkazayotgani borasidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. Facebook'dagi faoliyatini 2017 yilda boshlagan va kompaniya top-menejyeri karerasini qurgan Chamat Palixapitiya "maxluq"ni o‘stirishga yordam bergani uchun juda katta vijdon azobini his qilishi haqida aytdi. "Biz jamiyatning ijtimoiy tuzilmasini yemiruvchi jihozni ishlab chiqdik", - dedi u Stenford universiteti Oliy biznes maktabi talabalari bilan kechgan uchrashuvda. 

Palixapitiya nafaqat Facebook, balki tarmoqdagi barcha  muloqot tizimlarini tanqid qildi. "Odamlar ijtimoiy tarmoqlardagi "layklar" natijasida ishlab chiqariluvchi dofaminga qaram bo‘lib qolishdi. Bu jamiyat faoliyati tamoyilini parchalaydi. Fuqarolik muhokamalari yo‘q, hamkorlik yo‘qolmoqda, bularning o‘rniga soxta  ma'lumotlar va faktlar almashuvi "gullab-yashnamoqda". Men faqat Rossiyaning saylovlarga aralashganiga doir Amerika paranoyyasi haqida gapirmayapman, bu global muammo", - deya hisoblaydi Palixapitiya.

U misol sifatida yaqinda Hindistonda ro‘y bergan voqeani keltirdi - yovuz niyatli kimsalar WhatsApp messenjeri orqali hind qishloqlarida go‘yoki jinoyatchilar bolalarni o‘g‘irlayotgani haqida mish-mishlarni tarqatishdi. Virus jo‘natmalar shunga olib keldiki, Jarkxand shtati aholisi ko‘chalarni qorovullab, "o‘g‘rilar"ga o‘xshash odamlarga qurolli hujumlarni amalga oshira boshladi. Yetti nafar aybsiz kishi shafqatsizlarcha savalandi, ulardan ikki nafari hayotdan ko‘z yumdi. Mazkur voqealar videoga olinib, Facebook'da tarqaldi va shtatda ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqardi. 

"Tushunayapsizmi, nimalarga aralashib qoldik? Yomon aktyorlar ommani boshqarishi va uni biror narsa qilishga majbur qilishi mumkin. Men bu muammoni qanday hal qilishni bilmayman. Shu bois shunchaki ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdan voz kechdim", - dedi sobiq Facebook vitse-prezidenti.

Kompaniyaning ilk sarmoyadorlaridan biri Shon Parker ham shunga o‘xshash bayonot bilan chiqdi. Uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar inson psixikasining zaif joylariga bosim o‘tkazadi va bundan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanadi. 

Chamat Palixapitiya ijtimoiy tarmoqlarni tanqid qilishdan tashqari, Kremniy vodiysining venchur kompaniyalariga ham "tosh otdi". Uning fikricha, ular iqlim o‘zgarishi yoki og‘ir kasalliklarni davolash kabi haqiqatda jiddiy muammolar bilan shug‘ullanish o‘rniga "ahmoqona, bema'ni, befoyda kompaniyalar"ga sarmoya kiritishmoqda. 

Ta'kidlash joizki, Palixapitiyaning Social Capital nomli shaxsiy venchur kompaniyasi faoliyati sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

"To‘g‘ri sarmoyalar"ga misol sifatida shuningdek Geytslar Fondini keltirish mumkin. Fond ko‘p yillardan beri poliomiyelitga qarshi kurashadi va bu borada katta yutuqlarga erishgan.

Mavzuga oid