Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suriyadan Rossiya qo‘shinlarining olib chiqilishi haqiqatdek yangramaydi – Chovusho‘g‘lu
Rossiya Suriyada ikkita harbiy bazasini saqlab qoladi, shu sababli Rossiya qo‘shinlarining Suriyadan olib chiqilishi haqidagi so‘zlar uncha haqiqatdek yangramaydi, deb aytdi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 11 dekabrda Suriyadagi Hmaymim aviabazasiga tashrif buyurib, rossiyalik harbiylarni Suriyadan olib chiqishni boshlashga buyruq berdi. Putinning aytishicha, rossiyalik harbiylar o‘z vazifalarini a'lo darajada bajarganlar, Suriya suveren, mustaqil davlat sifatida saqlanib qolgan, mamlakatni siyosiy tartibga solish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
“Rossiyaning Suriyada ikkita harbiy bazasi bor. Shuningdek, AQSh bazalari ham bor. Shu sababli Rossiya kontingentining Suriyadan olib chiqilishi haqidagi so‘zlar uncha haqiqatdek yangramaydi. Ruslar ketadi, deyish noto‘g‘ri, chunki baribir bir qism harbiylar qoladi”, deb aytgan Chovusho‘g‘lu NTV telekanaliga bergan intervyusida.
Uning aytishicha, Rossiya avval ham o‘z qo‘shinlarini Suriyadan olib chiqqan, biroq keskinlik avj olganda ularni yana kiritgan.
“Nima bo‘lganda ham, Suriyada IShIDga qarshi kurashda katta progressga erishildi. Endi Eron va Rossiya boshqa muammolarga e'tiborlarini qaratishlari mumkin”, deb qo‘shimcha qilgan vazir.