Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kutilmagan holat. Maktab hududiga AQSh harbiy vertolyotining bir qismi quladi
Yaponiya janubida joylashgan Okinava prefekturasi Ginovan shahridagi boshlang‘ich maktab o‘quvchisi Amerikaning CH-53 harbiy vertolyotining bir qismi qulab tushgani natijasida qo‘lidan jarohat oldi. Bu haqda NHK telekanali xabar bermoqda.
Uning ma'lumotlariga ko‘ra, Amerika qo‘mondonligi prefektura ma'muriyati va Yaponiya Mudofaa vazirligining mahalliy vakolatxonasi vertolyot parvozi chog‘ida mahkamlaydigan ramadagi illyuminator pastga qulagani haqida xabardor etgan.
Buyum Amerikaning Futemma harbiy bazasi hududiga qo‘shni bo‘lgan maktab maydonchasiga kelib tushdi. U yerda taxminan 30 nafar bolalar va o‘qituvchilar bo‘lgan. Jabrlangan bola, ta'kidlanishicha, buyum qulagan joyning yaqinida bo‘lgan hamda chap qo‘lidan jarohat oldi, biroq bu aynan qanday yuz berganiga aniqlik kiritilmagan.
TBS telekanali tomonidan taqdim etilgan kadrlarga qaraganda, o‘sha paytda o‘quv muassasasi ustidan AQSh HHKning uchta vertolyoti uchib o‘tayotgan bo‘lgan. Ularda qandaydir obektning ajralib ketgani va pastga qulaganini ko‘rish mumkin.
"Bunday hodisalar Okinava prefekturasi aholisida jiddiy xavotir uyg‘otadi. Shunday vaziyatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi", - deya ma'lum qildi Yaponiya vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yosixide Suga Tokiodagi matbuot anjumanida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya hukumati AQSh harbiylari bilan aloqada bo‘lib turibdi hamda ro‘y bergan hodisa tafsilotlarini aniqlashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta xuddi shu tumandagi bolalar bog‘chasi tomiga silindr shakldagi buyum kelib tushgandi. Yaponiya Mudofaa vazirligi taxminiga ko‘ra, bu CH-53 vertolyotining bir qismi bo‘lgan, biroq Amerika tomoni bunday ma'lumotni tasdiqlamadi.