O‘zbekiston | 09:30 / 15.12.2017
141921
4 daqiqa o‘qiladi

Benzin narxi nima uchun ko‘tarilganining asosiy sababi ma'lum qilindi

2017 yil 14 dekabr kuni soat 11-00da Xalqaro Press-klubning “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi: tendensiyalar, muammolar va istiqbollar” mavzusida navbatdagi anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev mamlakatda benzin va umuman yoqilg‘i-moylash mahsulotlari narxi nima uchun ko‘tarilgani, respublikaning boshqa hududlarida yuzaga kelgan taqchillik sabablarini izohladi.

Mubin Mirzayev

Uning aytishicha, benzin, dizel kabi neft mahsulotlari taqchilligiga shu soha korxonalarining rag‘batlantirilmagani, narxlarning sun'iy ravishda past ushlab turilgani, buning natijasida zarar miqdorini kamaytirish maqsadida neftni qayta ishlovchi zavodlar to‘liq quvvat bilan ishlamagani sababdir. 

“Yillar davomida narxni arzon ushlab turish kimga yaxshi, albatta iste'molchiga. Ammo korxona tashkilotlarga bu zarar. Misol uchun, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni keltirish mumkin. Biz yoqilg‘i-moylash mahsulotlari boshqa davlatlardagiga qaraganda arzon, deb maqtanib yurdik. Oxir-oqibat nima bo‘ldi? Ya'ni,Toshkent shahri bu mahsulotlar bilan ta'minlandi, ammo respublikaning boshqa hududlarida taqchillik yuzaga keldi. Bunga zarar miqdorini ko‘paytirmaslik uchun neftni qayta ishlovchi zavodlarning to‘liq quvvatda ishlamasligi sabab bo‘ldi”, - dedi Mubin Mirzayev. 

Vazir birinchi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, benzin va dizel narxining ko‘tarilishi neftni qayta ishlash zavodlarining kam miqdorda bo‘lsa-da foyda bilan ishlashiga imkon beradi. 

“Mana yaqinda, 15 noyabrda yoqilg‘i-moylash mahsulotlari narxini oshirdik. Ammo bu neftni qayta ishlovchi korxonalarning yillik 5 foiz foyda bilan ishlab, respublikaning barcha hududida yoqilg‘i-moylash mahsulotlariga bo‘lgan talabni to‘liq ta'minlaydi. Shu bilan birga, biz qo‘shni mamlakatlarda benzin narxini solishtirdik. Qozog‘istonda, neft mahsulotini ko‘p ishlab chiqargani bilan 1 l benzin narxi bizning pulda 3800 so‘m, Rossiyada 5400, Tojikistonda 6300 so‘m. Shu kabi ma'lumotlarni tahlil qilib xulosa qilinganda, aytish mumkinki, biz narxlarni sun'iy ravishda past ushlab turish oqibatida ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirmay, muammolarni, ya'ni shu mahsulotga bo‘lgan taqchillikni keltirib chiqardik”, - dedi Mirzayev. 

Shu o‘rinda ta'kidlash o‘rinliki, 2017 yil 15 noyabrdan avval yoqilg‘i-moylash mahsulotlari narxlari oshirilmasdan avval, ayrim OAVda benzin taqchilligiga viloyatlardan kelgan ayrim fuqarolarning “olg‘irlik”lari sabab bo‘layotgani ta'kidlangan asossiz tashviqot hamda ayblov xabarlari berilgan edi.

Mubin Mirzayev kelgusi yilgi rejalar xususida ham to‘xtatilib, bu boradagi islohotlar davom ettirilishini bildirdi.

“Kelgusi yilda biz mazkur islohotlarni davom ettirgan holda, to‘g‘ri narxlar yuqoriroq bo‘lishi mumkin, ammo o‘ta qimmatlashmasligi uchun Moliya vazirligi huzurida iste'mol narxlarini barqarorlashtiruvchi jamg‘arma tuzdik va unga 2017 yilda 100 mln dollar miqdorida mablag‘lar shakllantirildi. Bu mablag‘lar, asosan zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari narxini me'yorida ushlab turishga shakllantiriladi. 2018 yilda esa, jamg‘arma mablag‘lari ko‘paytiriladi”, - dedi vazir o‘rinbosari.

Uning ta'kidlashicha, 2018 yilda ham inflyatsiya darajasi yuqoriroq bo‘ladi, biroq ayni islohotlar amalga oshirilmasa, 2019-2020 yillarda ham narxlar yuqori bo‘lib qolishi mumkin. 

“Shunga binoan aniq rejalar belgilab olingan va shu yo‘nalishda ish olib borilmoqda”, - deya ta'kidladi Iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari.

Mavzuga oid