Jahon | 19:50 / 20.12.2017
19036
8 daqiqa o‘qiladi

Vaziyat taranglashdi. Donbassda «Yangi yil mushakbozligi» bo‘ladimi?

Foto: Ukraina Mudofaa vazirligi

Bugun «Vestnik Mordovii» nashri Ukraina Donbassga «bombalar yomg‘iri» yog‘dirishga hozirlanayotgani to‘g‘risida xabar tarqatdi. Xabarda aytilishicha, ukrainalik harbiylar 600taga yaqin artilleriya qurollarini jangovar holatga keltirishgan.

19 dekabr kuni Donbassda sulhga erishish bo‘yicha nazorat va kordinatsiya qo‘shma markazi (STsKK) tarkibidagi rossiyalik zobitlar uning tarkibidan chiqdi. OAV xabariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar mojaro hududini tark etishgan.

Ukrainalik harbiylar ham markazdan chiqishi aytilmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari ma'lumotiga ko‘ra esa, ukrainalik harbiylar ayirmachilar nazoratidagi hududdan ketishgan, lekin markaz tarkibida faoliyatini davom ettirmoqda.

Donbass bo‘yicha muzokaralar jarayoni ishtirokchilari va siyosiy tahlilchilarning fikricha, Rossiyaning ketishi STsKK mavjudligiga barham beradi.

Bu esa kelgusida harbiy asirlarni almashish jarayonini qiyinlashtirib, hududda jangovar harakatlar yangidan avj olishiga olib kelishi mumkin.

Operativ kommunikatsiya

Foto: Ukraina Mudofaa vazirligi

Qo‘shma markaz - keyingi vaqtlarda rossiyalik va ukrainalik harbiylarni o‘z ichiga olgan holda faoliyat olib borgan organ. Uning tarkibiga ikki tomondan 75 nafardan harbiy kirgan. 

Markazda ayirmachi kuchlarning rasmiy vakili bo‘lmagan, ammo «Lugansk xalq respublikasi» va «Donetsk xalq respublikasi» bu yerga norasmiy vakillarini «tayinlab turishgan».

Rossiyaliklar ham, ukrainaliklar ham frontning ikki chizig‘ida tomonlar sulhga qay darajada amal qilishini kuzatib borishgan.

«Bu operativ kommunikatsiya edi», deya baholaydi Ukraina harbiy havo kuchlari harbiy eksperti Mixail Jiroxov.

Uning izohlashicha, STsKK tarkibidagi rossiyalik ofitserlar «LXR» va «DXR» qurolli bo‘linmalari qo‘mondonlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga ega bo‘lgan, ukrainalik harbiylar esa Ukraina Ma'muriy-hududiy tuzilma (ATO) sektorlari rahbarlari bilan bog‘lana oladi.

Foto: Getty Images

Front chizig‘ida vaziyat keskinlasha boshlagach, STsKKning navbatchi ofitserlari o‘z liniyalari bilan aloqaga chiqishgan va vaziyatni o‘rganib, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv qilishga urinishgan.

Bu ishlar YeXHT monitoring missiyasi bilan yaqin hamkorlikda olib boriladi, ammo STsKK ko‘proq ta'sir doirasiga ega hisoblanadi.

Dushanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rossiyalik harbiylar bundan keyin ushbu markaz faoliyatida ishtirok etmasligi haqida ma'lum qildi.

Bunday qadam Ukraina pozitsiyasiga javoban tashlangani aytildi. Rossiyalik diplomatlarning fikricha, ukrainlar STsKK tartiblariga to‘la bo‘ysunmagan, rossiyaliklarning harakatlariga turli to‘siqlar qo‘yishgan va mahalliy aholi bilan aloqa qilgan.

Bundan tashqari, Moskvadagilar Ukraina yangi yildan rossiyaliklarning o‘z hududida harakatlanishi bo‘yicha yangi qoidalar joriy etmoqchiligiga e'tibor qaratdi. 

Ukraina TIV esa shunday javob qaytardi: «Rossiyaning bu mislsiz qadamini navbatdagi provakatsiya sifatida baholaymiz, bu harakat Minsk kelishuviga zarar keltirishdan o‘zga narsa emas, bu harakat bizning davlatimizga qarshi qurolli agressiya oqibatlari uchun mas'uliyatdan qochishdir».

STsKK tugatildimi?

Foto: Getty Images

«Rossiyaliklar Kiyevni Donetsk va Lugansk bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilishga majburlamoqchi bo‘lishdi. Buning uchun ularga Markaz faoliyati tugatib, rossiyaliklar markazda frontdagi barqarorlikni ta'minlovchi asosiy faktor ekanliklarini ko‘rsatib qo‘yish kerak edi», deya hisoblaydi Mixail Jiroxov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «Rossiya qo‘shma markaz tarkibida bo‘lmasa, uning mavjudligidan ma'ni yo‘q».

Bunday nuqtai nazarni Ukraina tomonidan Minskdagi muzokaralar ishtirokchisi Yevgeniy Marchuk ham qo‘llab-quvvatlagan.

«Rossiyaliklar qismi STsKKdan chaqirib olinishi bu tuzilmaning tugatilishini anglatadi», deya yozgan u feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Muzokaralarda Ukraina nomidan qatnashgan yana bir vakil Irina Gerashchenko «asirlarni ozod etish jarayoni yakuniy bosqichga kirgan pallada» vaziyatning bunday o‘zgarishidan xavotir bildirgan.

Asirlarni almashish bo‘yicha aniq kun hozirgacha belgilanmagan. Bundan avvalroq tomonlar bu masalani yangi yil bayrami kuniga qadar hal qilib olish istagini bildirgandi.

Rossiyaliklarning Minsk muzokaralaridagi vakili qayd etadi: aynan Kiyevning STsKK bo‘yicha pozitsiyasi Minsk kelishuvi jarayoniga xavf tug‘dirayotgandi.

«Rossiya fuqarolarining Ukrainaga kirishi bo‘yicha repressiv tartib qo‘llanishi rasmiy Kiyev Minsk kelishuviga amal qilishni istamasligini ko‘rsatdi... Ishonishni istardimki, rasmiy Kiyev o‘z harakatlari bemavrid va zararli ekanini tushunadi», degan Rossiyaning Minsk muzokaralaridagi muxtor vakili Boris Grizlov.

Bu vaqtda «LXR» markazda rossiyaliklar o‘rnini to‘ldirish istagini bildirdi.

«Agar Ukraina qandaydir yon bersa, masalan, Markazda «LXR» yoki «DXR» vakillari bo‘lishiga rozilik bildirsa, bu holda Rossiya o‘z zobitlarini qaytarishi mumkin. Ukraina buni istamaydi, demak Markaz faoliyati davom etishi ehtimoldan uzoq. Faqat YeXHT qolmoqda», degan Jiroxov.

Vaziyat keskinlashuvi

Foto: Donetsk oblasti politsiyasi

STsKK bo‘yicha bayonotlardan keyin Donbassda vaziyat keskinlasha boshladi.

Xususan, Svetlodardagi Novolugansk aholi punkti o‘qqa tutildi.

ATO shtabidagilar bu qishloqni «DXR» harbiylari «Grad»dan o‘t ochganini aytishdi. Bu uzoq vaqtdan buyon ilk marta reaktiv artilleriya qo‘llanishi bo‘lgan.

Foto: ukrinform.ru

Bu hujum oqibatida o‘nlab uylar zararlangan, jumladan, bolalar bog‘chasi, maktab binosi, tibbiyot muassasasi va gaz quvuri.

Halok bo‘lganlar haqida ma'lumotlar yo‘q, ammo 8 kishi, jumladan, bir chaqaloq jarohatlangan.

«DXR» tomoni esa hujum sodir bo‘lgan vaqtda, dushanba kuni Ukraina armiyasining og‘ir artilleriyasi Novoluganskda joylashgan bo‘lganini ma'lum qildi. 

Ikki tomon ham bir-birini provakatsiyada ayblashda davom etmoqda. Bu esa bunday harakatlar kelgusida ham davom etishini bildiradi.

Harbiy ekspert Mixail Jiroxov harbiy harakatlar yangidan boshlanib ketishini taxmin qilmoqda: «O‘tgan yillardagi voqealardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, 25 dekabr kuni yana o‘t ochiladi. Keyin «Rojdestvo sulhi» tuzilishi mumkin. Keyin bu sulhga 10 yanvarga qadar amal qilishadi».

Shu bilan bir vaqtda u frontning bir necha nuqtalaridagina vaziyat yomonlashishini prognoz qilmoqda. «Keng ko‘lamli harbiy harakatlar tiklanishi ehtimoldan yiroq - tomonlar hozircha urush uchun yetarlicha kuchga ega emas».

Tahlilchi STsKK tuzilmasi tugatilishi Donbassda tinchlikka erishish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishini ta'kidlaydi.

YeXHT monitoring missiyasi esa oxirgi oyda Donbassdagi o‘t ochishlar hajmi shu yil boshidan buyon ro‘y bergan hujumlar soniga tenglashganini qayd etdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid