Sport | 14:09 / 21.12.2017
18751
8 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Yunayted» kimga yutqazdi?

«Manchester Yunayted» Angliya Ligasi kubogining chorak finalida Chempionship vakili «Bristol Siti»ga 1:2 hisobida yutqazib, turnirni tark etdi.

Bunday natija manchesterliklar uchun syurpriz emas. Fergyusondan keyingi davrni oladigan bo‘lsak, Lui van Gaal o‘zining har ikki mavsumida qo‘yi liga vakilidan mag‘lubiyatga uchragan. Avvaliga «Milton Keyn Dons»dan 0:4 hisobida og‘riqli mag‘lubiyat qabul qilingan bo‘lsa, keyingi yili «Mildsbro» «Old Trafford»da penaltilar seriyasida muvaffaqiyat qozongan. O‘tgan mavsumda esa, aksincha, Joze Mourino shogirdlari yakunda ushbu turnir g‘olibi bo‘ldi.

Tarkibda o‘tgan o‘yinga nisbatan 10 o‘zgartirish qilgan bo‘lsa-da, Mourinoning ataylab yutqazishni istaganini aytish qiyin, axir maydonda Pogba, Ibrahimovich, Reshford, Marsiyal kabi futbolchilar to‘p surdi – chempionship jamoasi ustidan g‘alaba qozonish va «Manchester Siti» bilan yarim finalda o‘ynash uchun yetarli tarkib. Boshqa tarafdan esa, bir necha turnirlarda qatnashayotgan jamoa uchun «Arsenal», «Chelsi», «Manchester Siti» bilan navbatdagi kubok uchun bahslashish ortiqchalik qilar balki. O‘tgan mavsumning bu vaqtida «MYu» turnir jadvalida ancha pastga tushib ketgan, Liga kubogi qaysidir ma'noda yupanch vazifasini o‘tagandi.

Joze Mourino uchun esa, Angliyadagi faoliyati davomida bunday (qo‘yi liga klubidan) mag‘lubiyat ikkinchisidir. 2015 yilda u Londonning «Chelsi» jamoasi bilan Angliya kubogida «Bredford»ga yutqazib qo‘ygandi. To‘g‘ri, o‘tgan yili ham «Hall Siti» «MYu»ni mag‘lub etgan, ammo o‘sha to‘qnashuv ikki o‘yindan iborat bo‘lgan va «MYu» yakuniy hisobda ustun edi.

«Siti» yoki «Chelsi»ga ham bu sovrin kerak bo‘lib qolganini aytish qiyin. Birinchidan, bu jamoalar ham aralash tarkiblarda o‘z o‘yinlarini o‘tkazdilar, ikkinchidan, fevralda YeChLning muhim pallasi oldidan, ular ham bu turnirga panja ortidan qarashsa kerak.

Bularning barchasi «Bristol Siti»ning qahramonliklariga soya solmaydi, zero yuqorida ta'kidlanganidek, ularga raqib sifatida anchagina jiddiy futbolchilar maydonga tushdi.

«Ularning ozgina omadi keldi» – ta'kidlab o‘tdi Mourino – «ammo ular buning uchun kurashdilar. Hamma bizdan gol kutayotgandi, ammo «Bristol Siti» ajoyib o‘yin ko‘rsatdi, futbolchilar xuddi hayotlaridagi so‘nggi bahsdek harakat qilishdi. Balki shunday bo‘lgandir. Mening shogirdlarim uchun esa, bu xuddi ofisdagi navbatdagi kun edi, nazarimda. Shuning uchun ba'zilar ishlashni ham istashmadi. Umuman olganda, futbol uchun bu juda yaxshi kun, bayram, axir quyi liga vakili yarim finalga yo‘l oldi».

Yana bir faktni alohida ta'kidlash kerak. Ushbu turnirda «Bristol» eng boshidan beri faqat APL jamoalarini mag‘lubiyatga uchratib kelmoqda. Avvaliga «Uotford», keyingi bosqichlarda «Stok Siti» va «Kristal Pelas» ustidan g‘alaba qozonilgan. Kechagi g‘alaba to‘rtinchisidir. Bunday hodisa Angliyada 26 yildan buyon ro‘y bermagandi.

Yana bir holat ushbu g‘alabaning qadrini oshiradi. Yil boshida bosh murabbiy Li Jonson iste'fo chegarasida qolgan, jamoa 19 o‘yindan 15tasini yutqazgandi. Qatorasiga sakkiz o‘yinda mag‘lubiyatga uchralgan seriyalar bo‘lgan. Buning qo‘shimchasiga murabbiy hujumchi Metti Teylorning transferi uchun jamoaning ashaddiy dushmani bo‘lgan «Bristol Rovers» fanatlari tomonidan tahdidga uchragandi. Bu shunchalik jiddiy ediki, internetda Jonsonning uy manzili e'lon qilindi, murabbiy ma'lum muddat oilasini boshqa joyga ko‘chirib turishga majbur bo‘lgandi.

Klub rahbariyati Li Jonsonga ishonishda davom etdi va asta-sekin ishlar ijobiy tomonga yaxshilanib bordi. Mavsum oxirida «Bristol» 4 g‘alabaga erishdi va ligadagi o‘rnini saqlab qoldi. Hozir esa, jamoa APLga chiqish uchun da'vogarlardan biri. Masalan, VVS Li Jonson jamoasning o‘ziga xos uslubi shakllangani haqida yozmoqda – yuqori pressing va hujum chizig‘idagi juda faol o‘yin.

«Manchester Yunayted» ustidan qozonilgan g‘alaba, ayniqsa, o‘yin oxirida urilgan gol – tarixiy voqea, bir necha avlod yodida qoladi» – deydi yaqindagina iste'fo ostonasida turgan, hozir esa, Bristolda salkam tangriga tenglashtirilayotgan Li Jonson. G‘alaba golidan keyin u to‘p yetkazib berib turuvchi bolakayni ko‘tarib oldi va havoda aylantira boshladi.

«Men nima qilishimni bilmadim. Yugurib borib golni shogirdlarim bilan nishonlamoqchi bo‘ldim. Qarasam, yon atrofda bolboy turibdi, undan boshqa hech kim yo‘q. Men uni ushlab oldim», – deya bu haqida tushuntirish berdi murabbiy.

O‘sha kuni Jonsonda g‘alaba qozonishdan tashqari, yana bir rejasi bo‘lgandi. Joze Mourino bilan besh daqiqa birga o‘tirib, vino ichish.

«Men bir butilka vino uchun 450 funt sarfladim. Qizchamning pul saqlaydigan idishini sindirishga to‘g‘ri keldi», – deb o‘yindan oldin hazillashgandi Jonson, - vino Portugaliyadan keltirildi. Biz surishtirib, Jozega aynan shu vino yoqishini aniqladik. Umid qilamanki, biz biroz gaplashamiz».

Joze Mourino o‘yindan so‘ng, stadionda yo‘qolib qoldi. Katta ehtimol bilan Jonson o‘z orzusiga yetisha olmadi. Ammo narigi orzuning amalga oshganini e'tiborga olsak, murabbiyning o‘zi ham bundan u qadar xafa bo‘lmagani aniq.

BRISTOL SITI (BRISTOL, ANGLIYa)

1897 yilda tashkil topgan.

Stadion: Ashton Geyt. 27 ming tomoshabinga muljallangan.

Klub egasi: Stiven Lansdaun

Murabbiy: Li Jonson

Jamoa sardori: Beyli Rayt

Eng yaxshi natijasi: 1906/07 mavsumida 1-divizionda 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

1908/09 Angliya kubogi finaliga chiqqan va u yerda «Manchester Yunayted»ga 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan.

1975-79 yillarda ham Angliya chempionati yuqori divizionida to‘p surgan. Eng yuqori natijasi: 13-o‘rin. 

Hozirda «Bristol Siti» Chempionshipda 22 o‘yindan 12 g‘alaba, 7 durang va 3 mag‘lubiyat bilan «Vulverhempton» va «Kardiff»dan keyin, 3-o‘rinda bormoqda. Ligada dastlabki 6 o‘rinni egallagan jamoalarda APLga chiqish uchun imkoniyat bo‘ladi.

Mavzuga oid