Teshib chiqqan “suyunchi puli”
Mashoyixlar yaxshilik bilan yomonlikning orasi bir qadam deyishadi. Hilola Choriyeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ana shu qadamni noto‘g‘ri tashlab, to‘g‘ri yo‘ldan adashdi. Moddiy manfaatdorlik evaziga egri yo‘ldan yurishni ma'qul ko‘rdi, oqibatda esa...
Aprel oyi oxirlari. “Neksiya” mashinasini ijaraga olib, Termiz shahrida kirakashlik bilan shug‘ullanadigan Akmal kechki soat o‘n birlargacha tinim bilmadi. Mijozlar kamayib, endi yashash manzili – Termiz tumaniga ketishga chog‘lanib turgan bir paytda uyali telefoni jiringlab qoldi. Ekranda hamqishlog‘i Abdurasulning telefon raqami ko‘rinib turardi, deb yozadi “Postda” gazetasi.
- Ha, Abdurasul, nima gap?
- Assalomu alaykum, Akmal aka! Hali shahardamisiz?
- Ha, endi ketmoqchi bo‘lib turgandim.
- Joyingiz bo‘lsa meni olib keting, “Yubileyniy”ning oldida kutib turaman.
- Xo‘p, besh daqiqada o‘sha yerda bo‘laman.
Birozdan keyin ikki hamqishloq Termiz tumani sari ketib borishardi. Abdurasul charchagani bois orqa o‘rindiqqa o‘tirgancha uxlab ketardi. Unchalik ham ko‘p yurmagandi hamki, orqalaridan katta tezlikda kelayotgan bir mashinaning chiroqlari ko‘rindi. “Matiz” avtomashinasi shitob bilan yaqinlashib, “Neksiya”ni quvib o‘tishga chog‘landi. Ayni shu payt qarshi tomondan yuk mashinasi yaqinlashib kela boshladi. “Matiz” haydovchisi noiloj rul chambaragini o‘ngga burdi. To‘qnashuv-ku, sodir bo‘lmadi, lekin “Matiz” avtomashinasi “Neksiya”ga juda yaqinlashib, uning yon tomonini qirib o‘tishga ulgurdi. Mudhish yo‘l-transport hodisasi ro‘y berishining oldini olgan Akmal mashina signalini ketma-ket bosib “Matiz” haydovchisini to‘xtashga undadi. Lekin qilg‘iliqni qilib qo‘ygan haydovchi mashinani to‘xtatishni, kechirim so‘rashni xayoliga ham keltirmasdi. Yanada tezlikni oshirib, juftakni rostlashni ma'qul ko‘rdi. Bundan jahli chiqqan Akmal uni ancha joygacha ta'qib qilib bordi va oldini to‘sib to‘xtashga majbur qildi. “Matiz”da haydovchidan tashqari bir ayol ham o‘tirardi.
- Ha, uka, tinchlikmi? – “Matiz”dan tushib kelgan yigit Akmalga o‘dag‘aylay boshladi.
- Tinchlikmi, deb sizdan so‘rashim kerak. Mashinamning yonini chizib ketdingiz. Yana hech narsa bo‘lmagandek so‘rashingizni qarang, - dedi Akmal jahli chiqib.
- Nimaga menga tuhmat qilyapsan?
- Shunaqami? – Haydovchi bilan murosaga kelishiga ishonmagan Akmal shartta borib “Matiz”ning kalitini sug‘urib oldi. – Unda hozir shu yerga YPX inspektorlarini chaqiramiz. Ular ayb kimda ekanligini bir zumda aniqlab berishadi.
- Qo‘y, uka. Yarim kechasi ularni qayerdan topasan? Shu ovloq joyga kelaman deb ko‘zi uchib turmagandir...
- Hozir ko‘ramiz-da... – Akmal shunday degancha uyali telefonini qo‘liga oldi.
- To‘xta, men o‘zim chaqiraman, - “Matiz” haydovchisi telefonida kimgadir qo‘ng‘iroq qilib unga turgan joyini aytdi. Tezda yetib kelishini iltimos qildi.
Ko‘p o‘tmay ular oldiga yana bir “Neksiya” mashinasi kelib to‘xtadi. Undan bir yigit tushib keldi. Bu “Matiz” haydovchisi chaqirgan kishi edi. “Matiz” haydovchisi unga bo‘lgan voqeani qisqacha tushuntirdi.
- Bo‘lar ish bo‘libdi, endi o‘zaro kelishib bir to‘xtamga kelinglar. Siz nima xohlaysiz, aka? – dedi u Akmal tomon yuzlanib.
- Nima bo‘lardi, ustaxonaga borsam qirilgan joyni to‘g‘rilash uchun 300-400 ming so‘m so‘raydi. Shu xarajatini beringlar, ketaveraman.
- Nima, o‘ylab gapiryapsanmi? – “Matiz” haydovchisi tutaqib ketdi.
Biri bu dedi, boshqa u, xullas, biroz tortishuv bo‘ldi. Tortishuvga ikki mashinadagi yo‘lovchilar ham kelib qo‘shildi. Oxiri “Matiz” haydovchisi chaqirgan yigit Akmalga “rozi bo‘ling, hayotda bo‘lib turadi-ku bunaqa holat”, deya bir taxlam ming so‘mlik pul tutqazdi. Noiloj qolgan Akmal pulni oldi...
Hamma g‘avg‘o ertasiga boshlandi. Ertalabdan yana shaharga kelib, kirakashlik qilib yurgan Akmal tushga yaqin turmush o‘rtog‘ining plastik kartochkasi orqali xarid qilmoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda mashinasining quyosh qaytargichiga qistirib qo‘yadigan joyni ochib, uni olmoqchi bo‘ldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, plastik kartochka bilan birga turgan harbiy guvohnomasi, avtomashina taloni, mashinaning texnik pasporti ham yo‘q edi. Yana u-bu narsa yo‘qolmadimikin, degan o‘yda u yoq, bu yoqni ko‘zdan kechirdi. Buni qarangki, mashinadagi avtomagnitolaning pulti ham joyida yo‘q edi.
Akmalning xayoliga daf'atan bironta o‘g‘ri o‘marib ketmadimi, degan o‘y keldi. Lekin o‘ylab qarasa, ertalab uydan chiqqanidan buyon mashinasidan uzoqqa ketgani yo‘q. Kim olgan ekan-a? Akmal ming bir xayolga borib, boshi qotdi. Oxiri o‘ylay-o‘ylay kalavaning uchini topgandek bo‘ldi. Kecha kechasi shahardan qaytayotganida bo‘lgan voqeani esladi. O‘shanda ikkalasi tortishib turganda “Matiz” yo‘lovchisi bo‘lgan ayol mashinadan tushib, uning mashinasi atrofida kuymalanib yurgandek bo‘luvdi. “Neksiya”ga o‘tirganini ham esladi: “Biz tortishib turganimizdan foydalanib, hujjatlarni o‘margan. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas”.
Akmal so‘rab-surishtirib, kechagi “Matiz” mashinasi haydovchisini topdi. Unga taxminini aytgandi, u bunga ishonmay Akmalga qattiq gapirdi. Keyin gumonining to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi aniqlash uchun birgalikda o‘sha ayol – Hilola Choriyeva ishlaydigan kafega borishdi. Akmal unga kelishdan maqsadini aytganida Hilola jahl qilib baqirdi:
- Qilmagan ishimizga tuhmatga qoldikmi endi? Men qayerdan bilaman sening hujjatlaringni?
Akmal uni kuzata turib, bexosdan Hilolaning cho‘ntagidan uchi chiqib turgan hujjatini ko‘rib qoldi.
- Opa, nega aldaysiz? Ana, cho‘ntagingizda turibdi-ku, hujjatlarim.
Hilola cho‘ntagiga bir qarab oldi-da dedi:
- Ha, faqat senmi birovlarni chuv tushiradigan?! Sen shoxida yurgan bo‘lsang, men bargida yuraman. Hujjatlaring menda. Kerak bo‘lsa, 300 ming “suyunchi puli” ber, olib ketaver. Kerak bo‘lmasa, hammasini yoqib yuboraman.
- Unaqa qilmang, axir, sizga yomonlik qilmadim-ku.
- Gap shu, hujjat kerak bo‘lsa, 300 ming olib kel...
Akmal quruq qo‘l bilan qaytishga majbur bo‘ldi. Shu kunning o‘zida yana ikki marta Hilolaga qo‘ng‘iroq qilib, hujjatlarini qaytarishini so‘radi. Har gal qo‘ng‘iroq qilganida ayol “suyunchi puli”ning miqdorini oshirib boraverdi.
- Endi bir million so‘m olib kelsang, hujjatlaringni qaytaraman. Istagan joyingga yoz, xohlasang shantaj qilyapti de. Menga farqi yo‘q.
- Opa, mashinani ijaraga olganman, ishlamasam bo‘lmaydi. Qaytarib bering, iltimos.
Akmal qancha yalinib-yolvormasin, Hilola aytganidan qolmadi. Hatto “bu ishing yaxshi emas, hujjatlarini qaytarib ber” deya maslahat bergan dugonalari, yaqinlarining ham gapiga kirmadi.
Noiloj qolgan Akmal pulni berishga majbur bo‘ldi. Faqat...
Ertasiga Akmal to‘g‘ri Hilola ishlaydigan kafening oshxonasiga kirib bordi.
- Yana nimaga kelding?
- Hujjatlarim uchun.
- Pulni olib keldingmi?
- Ha.
- Qancha?
- Bir million so‘m, - Akmal shunday degancha stol ustiga yelim xaltaga solingan pullarni qo‘ydi.
- Ana, bo‘lar ekan-ku, - dedi Hilola xursand bo‘lib. Keyin xaltani ochib undan 700 ming so‘mni oldi. – Mayli, menga shu yog‘i yetadi.
Shu yerning o‘zida barcha hujjatlar, Akmalning turmush o‘rtog‘iga tegishli plastik kartochka, avtomagnitolaning pultini qaytarib berdi. Hilola bu bilan kifoyalanmadi. Qayerdandir qog‘oz va ruchka topib, uni Akmalga tutqazdi.
Endi hujjatlaringni qaytarib olganing, menga da'voing yo‘qligi haqida tilxat yozib ber. Yana u-bularim yo‘qolibdi, deb tuhmat qilib yurmagin.
Akmal uning aytganini yozib, imzo qo‘yib berdi. Keyin ko‘chaga chiqib ketdi. Oradan besh daqiqalar o‘tib, Hilolaning oldiga ichki ishlar organlari xodimlari kirib kelishdi. Uni ashyoviy dalil bilan qo‘lga olishdi.
Tamagirlik Hilolaga qimmatga tushdi. Sud tomonidan mazkur jinoyat ishi atroflicha ko‘rib chiqildi va u qilmishiga yarasha jazo oldi.
Mavzuga oid
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
14:50 / 21.11.2024
Kuvayt O‘zbekistonda Ona va bola klasterini tashkil etadi
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024