Jahon | 08:20 / 24.12.2017
18064
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Afg‘oniston, Haiti va Nigeriyadan kelganlar haqida kamsitib gapirgan – OAV

Foto: Washingtonexaminer/Evan Vucci

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShning immigratsiya siyosatiga bag‘ishlangan brifingda mamlakatga Afg‘oniston, Haiti va Nigeriyadan juda ko‘p odamlar kelayotganidan norozilik bildirgan hamda ular haqida kamsituvchi gaplar aytgan. Bu haqda The New York Times (NYT) nashri xabar bermoqda. 

Nashr manbalarining ma'lum qilishicha, ushbu uchrashuv Oq uyda iyunda bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda Tramp, uning bir qator yordamchilari va maslahatchilaridan tashqari, AQSh davlat kotibi Reks Tillerson va o‘sha paytda AQSh milliy xavfsizlik vaziri lavozimini egallagan Jon Kelli ishtirok etgan.    

Ta'kidlanishicha, Tramp Oval xonaga darg‘azab holda, shiddat bilan kirib kelgan. Tramp AQSh immigratsiya siyosatini qat'iylashtirishga urinishlariga qaramay, yanvar oyidan mamlakatga ko‘plab xorijliklar kelganidan darg‘azab bo‘lgan.  

Trampda uning maslahatchilaridan biri Stiven Miller tomondan tuzilgan ro‘yxat bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, hujjatda 2017 yilda AQShga kirish uchun qancha muhojir viza olgani haqida ma'lumot bo‘lgan. So‘ngra Tramp bu ro‘yxatni tanqidiy izohlar berish bilan o‘qiy boshlagan.

Tramp ta'kidlaganidek, viza olganlardan 2,5 mingi Afg‘onistondan kelgan. Tramp bunga izoh berib, Afg‘onistonni “terrorchilar uchun boshpana” deb atagan. Tramp AQShga kelgan 15 ming haitilik haqida gapira turib, “ularning barchasi OITS bilan kasallangan” deb aytgan. Tramp Nigeriyadan 40 ming kishi kelganini ta'kidlab, ular AQShdagi hayotni ko‘rib, “ikki dunyoda ham o‘zlarining Afrikadagi kulbalariga qaytib ketmasliklarini” aytgan.

Uchrashuvda Kelli va Miller AQShga juda ko‘p odam kelayotgani uchun Tillersonni qattiq tanqid qilishgan. Tillerson bunga javoban “Balki AQShga kirish uchun vizalarni to‘liq bekor qilish haqida ko‘rsatma berishim kerakdir?” deb javob qilgan. So‘ngra Kelli ma'muriyatning ko‘plab xodimlaridan xonadan chiqib ketishlarini so‘ragan. Biroq xonani tark etayotganlar Tramp baland ovozda bahslashayotganini eshitishgan.

Keyinroq Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders NYT jurnalistlariga Tramp brifingda muhojirlar haqida kamsituvchi gaplar aytmaganini ma'lum qilgan. Sanders bu “kurakda turmaydigan ayblovlarni” Kelli, Tillerson va boshqalar rad etishlari mumkinligini, NYT manbalarining tasdiqlarini esa yolg‘on deb aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid