Jamiyat | 08:21 / 25.12.2017
121305
6 daqiqa o‘qiladi

Tashvishing, muammong, qanday kun kechirishing – “kopeyka”...

Foto: KUN.UZ

KUN.UZ tahririyati “O‘zbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyati muassisligida tashkil etilgan, keyinchalik ushbu milliy xolding kompaniyaning qarori bilan “Sho‘rtanneftegaz” MChJ tarkibiga qo‘shish bo‘yicha rozilik berilgani, ammo eng asosiy muammo, 300 dan ortiq ishchi-xodimlarning 9-10 oy bo‘yicha ish haqi qarzdorligi yopilmagani haqida bir necha marotaba bong urdi. 

Xususan, tahririyat muxbiri mazkur masalani o‘rganish maqsadida 24 oktabr kuni Qarshi shahriga xizmat safari ham uyushtirgan va o‘rganishlari natijasida o‘z maqolasini e'lon qilgan edi.

«O‘zbekneftgaz» muassisligidagi firma ishchilari 10 oydan beri maosh olmadi

Tahririyat yuqoridagi havolada berilgan maqolada “Chigil Neft Gaz” MChJ muassisi bo‘lgan “O‘zbekneftegaz” AJ O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasida qayd qilingan mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanishi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligiga ko‘z yumgani, bundan tashqari Kodeksning 154-moddasida ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat'inazar xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq, mazkur Kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshirishi kerakligi haqidagi talablarni qo‘pol ravishda buzgan holda ish haqlarini to‘lashni amalga oshirmagani haqida jar soldi. 

Ammo, lekin, biroq...

Maoshini ololmayotgan 280 dan ortiq ishchi oilasini boqishi uchun o‘g‘rilik qilsinmi?

Afsuski, ikkinchi maqoladan keyin ham muammo hamon mavjud va u bartaraf etilgani yo‘q. Ishchilar “Sho‘rtanneftegaz” MChJga qabul qilingan, biroq ularning avvalgi ish beruvchilaridan qolgan bir necha oylik va miqdor o‘laroq bir necha millionlik maoshlari berilmagani ma'lum bo‘ldi. Endilikda, ular o‘sha maoshlarini kimdan talab qilishlarini ham bilishmayapti? Bizga ma'lum qilishlaricha, ishchilar endilikda ololmagan maoshlarini kimdan olishlarini aniq bilishmaydi. 

Tugatilayotgan MChJga borishsa, sizlar “Sho‘rtanneftegaz”ga o‘tgansizlar, deb qaytarishmoqda, “Sho‘rtanneftegaz” MChJning Elbek aka ismli bosh hisobchisiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, muxbirligimizni bilgach, go‘shakni majlisda ekanligini ro‘kach qilib qo‘ydi. Shundan so‘ng, u kishi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Dodini kimga aytishni bilmagan oddiy ishchilar, otangga bor, onangga bordan rosa charchashgani, ikki tashkilot rahbariyati jo‘yali tushuntirishlar bermagani sababli yana  KUN.UZ tahririyatiga quyidagicha murojaat yo‘lladi.

Unda ishchilar barqaror oylik olmayotganlari tufayli o‘zlari istiqomat qilayotgan mahallalarda faoliyat yurituvchi do‘konlardan 2 mln so‘m va undan ortiq miqdorda qarzdor bo‘lib qolganliklari, Majburiy ijro byurosi esa, ularning maoshlarini olmayotganlarini hisobga olmay, elektr, gaz hamda sovuq suv tarmoqlaridan uzib ketayotganliklari haqida achchiq haqiqat yozilgan. 

Murojaatda ta'kidlanishicha, KUN.UZ tahririyati 2 bor ushbu muammo yuzasidan jar solgach, atigi 2 oylik maoshlar to‘lab berilgani, ayrim hollarda ishchilar maosh o‘rniga natura shaklidagi to‘lovlarni qabul qilayotgani ta'kidlanadi. 49 kishi imzo chekkan murojaatni o‘qir ekansan, beixtiyor o‘yga tolasan: Nahotki, 300 atrofidagi kishi, ularning oila a'zolarining taqdiri, nima yeb, nima ichayotgani soha rahbarlariga zarrachalik qiziq bo‘lmasa?

Men bir narsani aniq ayta olamanki, ularga haqiqatdan ham bir necha oylik maoshini ololmayotganlar taqdiri umuman qiziq emas, aks holda, KUN.UZ e'lon qilgan maqolalardan keyin, nomiga bo‘lsa ham, bir marta bo‘lsa ham “Chigil Neft Gaz” MChJ muassisi bo‘lgan “O‘zbekneftegaz” AJ rahbariyati qandaydir munosabat bildirgan bo‘lar edi. Yo‘q, ular buning o‘rniga quloqlariga paxta tiqib, ko‘zlariga parda tortib olgan holda, bu muammo jamoatchilik e'tiboriga havola qilinmagandek tutishmoqda o‘zlarini. Shuni aytishsa kerak-da, “qorni to‘qning qorni och bilan dardi yo‘q”, deb. Bu kabi fikrlarni uzoq davom ettirish mumkin... ammo biz tushunganga imo ham kifoya tamoyiliga rioya qilamiz.

P.S.: Nima uchun aynan “O‘zbekneftegaz”? Chunki, ushbu monopol xolding kompaniya “Chigil Neft Gaz” MChJning muassisi sifatida asosiy aybdordir. Tashkilotning debitorlik qarzi ko‘payishiga ham aynan xolding kompaniya rahbariyatining og‘zaki buyruqlari sabab bo‘lgan. Bu haqda birinchi maqolada batafsil fikr yuritganmiz. Aktsionerlik jamiyati O‘zbekiston respublikasida amalda bo‘lgan Mehnat kodeksi shartlarini bajarmaganini qaysi tashkilot tekshirishini biz tushuna olmayapmiz. Qonun ustuvorligini prokuratura organlari ta'minlashi kerak edi, shekilli?!


Tolib Rahmatov

KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid