Jamiyat | 15:01 / 29.12.2017
58522
7 daqiqa o‘qiladi

MIB hokimlikdan tovon pulini undira oladimi?

KUN.UZ tahririyati muxbirlari 22 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga navbatdagi xizmat safari chog‘ida qiziq bir faktga duch keldi. Guliston shahar hokimligi 2015 yil bergan kafolat xati ijrosini salkam 3 yil bo‘lmoqdaki, paysalga solib kelmoqda. 

Gap shundaki, Guliston shahar Guliston va Xalqlar Do‘stligi ko‘chalari chorrahasida fuqaro Mavjuda Ahmedjanovaga tegishli noturar joy binosi shahar hokimining 2015 yil 30 iyulda imzolagan 978-sonli qarori bilan buzilgan.

978-sonli qarorning 3-moddasida “fuqaro va korxonalarga tegishli noturar joylarning buzilishi va ko‘chirilishi munosabati bilan yetkazilgan zarar uchun buziladigan noturar joylarni, to‘lov miqdori va kompensatsiya turini belgilash shahar maxsus komissiyasining dalolatnomasiga asosan mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan amalga oshirilsin hamda belgilangan tartibdagi hujjatlar rasmiylashtirilgan holda shahar hokimligi ishchi komissiyasiga taqdim etilsin”, deyiladi. 

Hujjatning 5-moddasida Guliston shahar obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va irrigatsiya boshqarmasi boshlig‘i (A.Atabayev)ga tovon puli to‘lab berilgan xonadonlarni buzib olish va chiqqan qurilish materiallarini dalolatnoma asosida obodonlashtirish boshqarmasi hisobiga kirim qilish vazifasi yuklatilishi ta'kidlanadi. 

Bu yerda mulkdor oyog‘iga bolta urayotgan, uning haq-huquqini poymol qilayotgan, tovon pulini olishga xalal bo‘layotgan hujjat Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash to‘g‘risida”gi Nizomning 15-bandidir. 

Unga ko‘ra, “buzilayotgan uylar (kvartiralar) egasiga turar joy berish va (yoki) kompensatsiyaning boshqa turlarini to‘lash tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan, chorak yakuni bo‘yicha prognozdan ortiqcha tushgan mahalliy byudjyetlarning daromad qismi mablag‘lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar byudjyetlarining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari va (yoki) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli hisob raqamlariga davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishdan tushadigan taqsimlanadigan mablag‘larning bir qismi hisobiga amalga oshiriladi”. 
Sodda qilib aytganda, biror turar joy yoki noturar joy davlat ehtiyoji uchun buzilsa, kompensatsiya puli mahalliy byudjyetda ortiqcha mablag‘ hisobidan to‘lanadi. Bu nimani anglatadi? Bu mahalliy byudjyetda ortiqcha mablag‘ qachon bo‘larkin, deya fuqaroning kutishini, hokim istasa to‘lashini, istamasa paysalga solishini, pulning qadrsizlanishini va dastavval berilishi kerak bo‘lgan tovon puli qiymatining tushishini anglatadi. Nima uchun bunday fikr bildirayotganimni quyida izohlashga harakat qilaman.

To‘g‘ri, M.Ahmedjanovaga tegishli noturar joy bo‘yicha tovon pulini undirishga doir sud qarori qabul qilindi. E'tirof etish kerak, 2017 yil 14 noyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudida sudya O‘.Abdurahmonov raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida Ahmedjanova foydasiga yakuniy qaror chiqarilgan, apellyatsiya muddati tugagach, ijro etish uchun 2017 yil 14 dekabrida MIBga oshirilgan. 

Bir qarashda hammasi risoladagidek, adolat ta'minlangan, fuqaro huquqi tiklangan, ko‘rgan zararini undirib berish uchun chiqarilgan qaror ijro etish maqsadida MIBga yuborilgan. Hokimlik ham bu qarorga norozilik bildirmagan. Pul Ahmedjanova hisobiga kelib tushsa kifoya, barchasi o‘z iziga tushib ketadigandek. 

Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Bino buzilib, uning qiymati 169 mln so‘m ekani xususida baholash komissiyasining xulosasi chiqarilgan vaqtda 2015 yilning 18 avgusti bo‘lgan. Sudning undiruv qarori esa 2017 yil 14 noyabrida qabul qilingan. O‘tgan 2 yillik davrda so‘m qadri qanchalik pasaygani esa, sud e'tiboridan chetda qolgan, ya'ni sud qarorida da'vogarning kompensatsiya pullarini kechiktirganligi sababli bank foiz stavkasida zarar undirish haqidagi da'vo talabi rad qilinsin, deya qat'iy ravishda belgilab qo‘yilgan.

Biz ko‘rib chiqayotgan holatda noturar joy egasi uni barpo etish uchun oz-muncha pul sarflamagani quyidagi suratlarda ham ko‘rinib turibdi. 

Foto: Kun.uz

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, shu yilning 14 noyabrida bo‘lib o‘tgan sud majlisida da'vogar va javobgar o‘rni almashib qolganida, ya'ni hokimlik da'vo qilib, tadbirkor yoki mulk egasi javobgar bo‘lganida sud qarori qanday ko‘rinishda bo‘lishi ehtimolini bir tasavvur qilib ko‘ring-a? Katta ehtimol bilan sud qarorida hokimlik foydasiga tovon pulini undirishdan tashqari, uning 2 yillik penyasi albatta hisobga kiritilgan, Majburiy ijro byurosi javobgarning bor-budini, dod-voyiga qaramasdan, kerak bo‘lsa, kim oshdi savdosiga qo‘yib bo‘lsa ham undirish harakatida bo‘lgan hamda albatta ijroni a'lo darajada amalga oshirgan bo‘lar edi. 

 

Foto: Kun.uz

KUN.UZ muxbiri sud qarori ijrosi bo‘yicha Guliston shahar prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga borib, ijro holati, uning qaytarzda amalga oshirilishi va ayni vaqtda qaysi bosqichda ekani bilan qiziqdi. 

MIB xodimining so‘zlariga ko‘ra, sudning 1-4258-sonli fuqarolik ishi bo‘yicha qarori ijrosini ta'minlash haqiqiy ma'noda mushkul vazifadir. 

Chunki, MIB faoliyatiga doir Nizomga muvofiq, MIB hokimlikka sud qarorini ko‘ngilli ravishda bajarishi uchun 5 kunlik muddat beradi. Shundan so‘ng, uning mol-mulki, hisob raqamlarini muzlatadi. Tushgan pullardan da'vogar puli undirish choralari ko‘riladi. Amalda esa, buni amalga oshirish murakkab vazifa. Qolaversa, deydi MIB mulozimi, hokimlik bank hisoblarida pul bo‘lmasa, uning qaysi binosini kim oshdi savdosiga qo‘yish mumkin bo‘lar edi?
 
Xullas, hozircha arqonning bir uchi MIBda, bir uchi Guliston shahar hokimligida. Mulkdor esa bo‘zchining mokisidek 2 karra qadrsizlanishga ulgurgan pulini amallab undirib olish maqsadida orada sarson qolmoqda. MIB O‘zbekiston fuqarosining qonuniy huquqini, O‘zbekistonda xususiy mulk himoya qilinishini qanchalik isbotlay oladi, buni vaqt ko‘rsatadi. 

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish


KUN.UZ muxbiri      Tolib Rahmatov

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid