Light | 01:00 / 03.01.2018
28692
6 daqiqa o‘qiladi

Yangi bilimlarni o‘zlashtirishning olti usuli

Foto: Fotolia

Yangi bilimlarni tez o‘zlashtirish boshqalardan ustunlik qilish imkonini taqdim etadi. Ilm-fanga ko‘ra, yangi bilimlarni tezroq o‘rganish va ularni yodda saqlab qolishning olti usuli bor. FastCompany shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

 

Boshqalarga o‘rgating

O‘zingiz o‘zlashtirayotgan materialni boshqalarga tushuntirishga harakat qilish (yoki shunday deb tasavvur qilish) ma'lumotlarni tezroq yodda saqlash imkonini beradi, deyiladi Sent-Luisdagi Vashington universiteti olimlarining tadqiqotida.

Tadqiqot hammualliflaridan biri Jon Nestoyko shunday yozadi: "O‘qituvchilar dars berishga tayyorlanayotganida odatda asosiy fikrlarni izlab, ularni o‘quvchilarga tushunarli qilib uzatishga harakat qilishadi. Tadqiqotlarimizning ko‘rsatishicha, talabalar ham biror material taqdimotiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida samarali o‘qitishning shunday usulini qo‘llay boshlashmoqda".

 

Bilim olishga qisqa vaqt kesimlarini ajrating

Luiziana universiteti tadqiqotchilari yangi materialni o‘rganishga 30-50 daqiqadan vaqt ajratishni tavsiya qilishmoqda. Bundan qisqa vaqt kamlik qilishi mumkin, ko‘pi esa miyani charchatib qo‘yadi, deb hisoblashmoqda ekspertlar.

Foto: Fotolia

Ular shuningdek 5-10 daqiqalik tanaffuslar qilishni ham tavsiya qilishdi, ta'lim mutaxassisi Nil Starr esa, bo‘sh vaqt paydo bo‘lishi bilan qisqa ta'lim seanslarini o‘tkazishni taklif qiladi: masalan, o‘rganilayotgan predmet tavsifi o‘rin olgan kichik kartochkalar yasash va bo‘sh vaqt paydo bo‘lishi bilan ularni o‘rganishga kirishish.

 

Materialni o‘zlashtirish vaqtini taqsimlang

Bu g‘alati eshitilishi mumkin, biroq biz ta'lim jarayonini taqsimlaganimizda, biroz cho‘zganimizda tezroq o‘zlashtirar ekanmiz. How We Learn kitobi muallifi  Benedikt Keri ta'lim jarayonini maysazorni sug‘orishga qiyoslaydi. "Maysazorni haftasiga bir marta 1,5 soatdan yoki uch marta yarim soatdan sug‘orish mumkin. Agar siz bu ishni haftasiga uch marta bajarsangiz, maysazor yanada obod bo‘ladi", - deb yozadi muallif.

Materialni yaxshiroq yodda saqlash uchun u bilan birinchi marta tanishganingizdan bir yo ikki kun o‘tgach takrorlagan ma'qul. Kerining aytishicha, biror nimani tezroq o‘rganishga harakat qilinsa, miya o‘qishga kamroq e'tibor qaratadi. Agar siz ma'lumotni darhol emas, bir necha kun yoki hafta o‘tib takrorlasangiz, bu miyaga ma'lumotni eslab qolish kerakligi haqidagi signalni yo‘llaydi.

 

Zarur ma'lumotlarni qo‘lda yozib boring

Prinston va Kaliforniya universitetlari tadqiqotchilari talabalar qo‘lda yozib borilgan ma'lumotlarni faolroq tinglashi va yaxshiroq qabul qilishini aniqlashdi. Kompyuterda yozib boruvchilarda esa yozuvlar ish stolidagi fayllardan biriga aylanadi, xolos, boz ustiga, ekspertlarning fikricha, odamlar kompyuter qarshisida ko‘proq chalg‘ishadi.

Foto: Fotolia

Prinston universiteti professori Pem Myullerning yozishicha, ma'lumotlarni qo‘lda emas, kompyuterda yozib boruvchilar kontseptual masalalarni hal qilishda biroz orqada qolishar ekan, zero ular odatda ma'lumotlarni qayta ishlab, ularni tushunarli qilib yozib borish o‘rniga so‘zma-so‘z yozishga moyil bo‘lishadi. Bu esa ularning natijalariga salbiy ta'sir ko‘rsatar ekan.


Uxlab olishdan qo‘rqmang

Yod olingan narsani eslab qolish uchun vaqti-vaqti bilan "chalg‘ish" kerak. Psychological Science jurnalida chop etilgan tadqiqotning ko‘rsatishicha, mashg‘ulotlar orasidagi uyqu materialni yaxshiroq eslab qolishga yordam berar ekan. Fransiyada o‘tkazilgan tajribada ishtirokchilarni ikki mashg‘ulotda suaxilidagi 16 fransuzcha so‘zni tarjima qilishga o‘rgatishgan.

Guruhlardan birining ishtirokchilari dastlab ertalab, keyin esa xuddi shu kuni kechqurun o‘qishgan, ikkinchi guruh a'zolari esa kechqurun o‘qishgan, keyin uxlab, ertalab ikkinchi mashg‘ulotga kelishgan. Uxlab olgan guruh ishtirokchilari 16 so‘zdan o‘rtacha 10 tasini eslay olishgan, "uxlamaganlar" esa — bor-yo‘g‘i 7,5 ta so‘zni.

"Bu tajriba ta'lim olish jarayoniga uyquni kiritish ikki tomonlama foydali ekanini ko‘rsatmoqda: bu materialni takroriy o‘zlashtirish vaqtini qisqartiradi va uni uzoqroq eslab qolishga yordam beradi, - deb yozadi tadqiqot muallifi, Lion universiteti psixologi Stefani Mazza. — Avvalgi tadqiqotlar darslardan keyin uxlash foydali ekanini ko‘rsatgandi, endi esa ikki mashg‘ulot o‘rtasida uxlab olish ham ijobiy ta'sirga ega ekanini ko‘rib turibmiz".

 

Turli xil usullar bilan tajriba qiling

Yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirayotganingizda ularni mashq qilishga yondashuvni o‘zgartirish foydali, deb yozadi Jon Xopkins universiteti tadqiqotchilari: bu materialni tezroq o‘rganishga yordam beradi. Ularning tajribasida ishtirokchilar vazifani kompyuterda o‘zlashtirishlari kerak bo‘lgan. Oxir-oqibat, ikkinchi mashg‘ulot vaqtida yanada modifikatsiyalashtirilgan usuldan foydalangan ishtirokchilar ikkinchi gal ham bir usuldan foydalangan kishilarga nisbatan yaxshiroq natijani qayd etishgan.

Foto: Fotolia

Tadqiqot rahbari Pablo Selnikning aytishicha, har safar yangi dars o‘tganda ularga bo‘lgan yondashuvni biroz o‘zgartirish lozim, bu ijobiy natija beradi.

Mavzuga oid