Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olimlar: homiladorlik xotira va bosh miyaning boshqa funksiyalarini yomonlashtiradi
Avstraliyadagi Dikin universiteti tadqiqotchilari shuni aniqlashdiki, homiladorlik bo‘lajak onalarning kognitiv funksiyalariga, shu jumladan, xotiraga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Tadqiqot Medical Journal of Australia jurnalida e'lon qilingan.
Homiladorlikda xotiraning yomonlashishi, «mamneziya», ko‘plab bo‘lajak onalar to‘qnash kelgan narsadir. Ular parishonxotirlik yuzaga kelishini ta'kidlaydilar – u yoki bu buyumni qaysidir mashg‘ulot davomida qayerga qo‘yganliklari, nima qilganliklarini eslay olishmaydi. Shuningdek, homilador ayollar o‘zaro muloqotda e'tiborni bir joyga jamlay olmasligi kuzatiladi hamda ular bu bilan kurashish uchun ma'lum bir hodisalarni daftarga yozib qo‘yishlari talab etiladi. Ba'zilarga esa mutolaa qilishga ham diqqatni jamlash muammo keltirib chiqaradi.
Tadqiqotchilar bu hodisaga bag‘ishlangan 20 ta tadqiqotning meta-tahlilini o‘tkazishdi, ular so‘nggi 10 yil ichida amalga oshirilgan. Shuningdek, mutaxassislar boshqa kognitiv funksiyalarga aloqador bo‘lgan ishlarni ham ko‘rib chiqishdi. Tadqiqotda hammasi bo‘lib 1230 ayol qatnashdi – 709 nafari homilador bo‘lgan.
«Umumiy kognitiv qobiliyatlar, xotira va ijro funksiyalari homiladorlikning uchinchi uch oyligida ancha yomonlashgan (homilador bo‘lmagan ayollar bilan taqqoslaganda), - deya ta'kidlaydi ish mualliflari. - Shuningdek, uzoq muddatli tadqiqotlarda dastlabki ikki uch oylikda ham umumiy kognitiv funksiyalar va xotira yomonlashishi aniqlandi».
Bunday o‘zgarishlar homilador ayollar hayoti sifatiga qanday ta'sir o‘tkazishini aniqlash uchun yana qator tadqiqotlar talab etiladi, deb hisoblashmoqda olimlar. Biroq, ularning qayd etishicha, xotira hamda kognitiv funksiyalar yomonlashsa ham, ular baribir kerakli normadan pastga tushmaydi. Lekin homiladorlikning bosh miya uchun ancha jiddiy oqibatlarini qidirish, bunga to‘qnash kelgan ayollarga yordam ko‘rsatish usullarini ishlab chiqish imkonini beradi.