Jahon | 19:37 / 16.01.2018
8503
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an bayonot berdi, Suriya bilan chegaraga harbiy kolonna yuborildi 

Foto: Anadolu

Turkiya mintaqadagi terrorchilarni tezda yo‘q qiladi va buni Suriyaning Afrin hamda Manbij tumanlaridan boshlaydi. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an seshanba kuni Anqarada ma'lum qildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya bugun mintaqada kurash olib borayotgan terrorizm tahdidi ko‘p qirrali xususiyatga ega. Anqara turli xil jinoiy tashkilotlarga duch kelgan, deya ta'kidlab o‘tdi Erdo‘g‘an.

«Turk qurolli kuchlari yaqin vaqt ichida Suriya hududlarini terrorchilarni bosqichma-bosqich ozod qilish uchun amaliyotni boshlaydilar. Amaliyotlar Afrin va Manbijdan boshlanadi. Bunga Anqarani qo‘llab-quvvatlayotgani haqida bong urayotgan va shu bilan birga Turkiyaga orqadan zarba berayotgan davlatlar xalaqit bera olmaydi», - degan u.

Erdog‘an Suriya muxolifatining Turkiya QKning Afrikadagi terrorchilikka qarshi amaliyotida ishtirok etish ehtimoli haqida ham izoh berdi. «Shubhasiz, ular [Suriya muxolifati otryadlari] ishtirok etadi va biz bilan yonma-yon jang qiladi. Axir bu kurash ular uchun olib borilmoqda. Turkiya suriyalik birodarlarni qo‘llab-quvvatlaydi, ular o‘z yurtlarining egalari bo‘lishlari kerak», - dedi prezident.

Turkiya prezidenti Vashingtonning Suriyadagi rejalarini tanqid qildi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar 11-12 ming kilometrlik masofani bosib o‘tib, Suriyada «chegara himoyasi» deb atalayotgan armiyani yaratishga harakat qilmoqda. «Kimning chegaralarini himoya qilmoqchisiz? Hatto Asad rejimi bunday qurolli tuzilmalarni tahdid deb hisoblaydi», - dedi u.

Turkiya Suriya bilan chegaradagi o‘z bo‘linmalarini kuchaytirishda davom etmoqda.

Xususan, chegaraoldidagi G‘aziantep viloyatidagi 15 ta harbiy avtomobildan iborat kolonna yo‘l olgan. Texnika va harbiy xizmatchilar Turkiyaning turli harbiy qismlaridan chegaraga olib o‘tilmoqda. Shuningdek, mintaqaga zirhli mashinalar va tanklar kolonnasi yo‘l oldi.

Mavzuga oid