O‘zbekiston | 14:51 / 16.01.2018
5124
3 daqiqa o‘qiladi

Tarixiy obidalarda smart-texnologiyalar joriy qilinadi

Foto: KUN.UZ

Sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish uchun qator keng ko‘lamli loyihalar rejalashtirilmoqda. Ularning amalga oshirilishi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar olish va soliq imtiyozlariga ega bo‘lish imkonini beradi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov shu haqida ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxonalar, mavzuiy parklar, umumiy ovqatlanish punktlari va boshqa turistik infratuzilmalar obektlarini qurish sayyohlar uchun avtobuslar xaridiga doir investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston rekonstruksiya va rivojlanish fondining 200 million dollar miqdoridagi kredit liniyasi ochilishi rejalashtirilmoqda. 

Tadbirkorlarga qurilishlar uchun turizmni rivojlantirish salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarda foydalanilmagan yer uchastkalari ajratiladi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov

Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir byudjyetdan tashqari fond mablag‘lari evaziga mehmonxonalar va mehmon uylari loyihalarini qo‘lga kiritish ko‘zlangan. Keyin esa bu loyihalar hayotga tatbiq qilinishi uchun tadbirkorlarga beriladi. 

Turizm sohasiga kiritiladigan investitsiyalar hajmini oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritalari" ishlab chiqilgan. O‘zbekistonda har yili Investorlar forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 

Madaniy meros obektlarida smart-texnologiyalarni faol tatbiq etish zarurati qayd etildi. Shu munosabat bilan yagona chipta va mehmonlarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlari kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan konsepsiya ishlab chiqilmoqda. Mazkur konsepsiya shuningdek virtual turlarni tashkillashtirish, audiogidlarni o‘rnatish, xorijiy tillarda tarixiy obidalarning elektron kataloglari va ularning 3D-modellarini ishlab chiqishni ko‘zda tutadi. Madaniy-tarixiy meros obektlari haqidagi batafsil ma'lumotlarni o‘zida jamlagan mobil ilovalar ishlab chiqiladi. 

Sayyohlik maskanlarida Wi-Fi orqali internetga ulanish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi. Loyihani amalga oshirish shuningdek internet-provayderlar uchun ham qator preferensiyalarni taqdim etishni nazarda tutadi. 

Xorazm, Farg‘ona, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yangi sayyohlik zonalari va tog‘ klasterlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. 

Sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar va boshqa tadbirkorlik sub'yektlarining saytlari takomillashtiriladi. Kompaniyalarning internet-resurslarida elektron band qilish, onlayn xizmatlar to‘lovi va boshqa servislar joriy qilinadi. Saytlar turistik mahsulotlar va xizmatlarni sotishda samarali jihozga aylanishi kutilmoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid