O‘zbekiston | 15:10 / 18.01.2018
12617
3 daqiqa o‘qiladi

Yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanganlik uchun jarimalar oshiriladi

Foto: KUN.UZ

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalar taqdim etilgan. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Birinchidan, MJTKning 65-moddasidagi jarimalar miqdorlarini oshirish taklif etilmoqda. Fuqarolarga EKIHning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda (hozir – EKIHning 1 baravaridan 3 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa – EKIHning 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda (hozir – EKIHning 3 baravaridan 5 baravarigacha) jarima solish taklif etilmoqda.

Ma'lumot uchun: ushbu moddada yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish, obektlar qurish paytida unumdor qatlamni olmaslik, yer maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, yerlarni foydalanishdan chiqarishga, hosildorlik pasayishiga, tuproqning buzilishi yoki yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladigan boshqa harakatlarni sodir etish, shuningdek tanazzulga yuz tutgan qishloq xo‘jaligi yerlarini konservatsiyalashning belgilangan tartibini buzish uchun javobgarlik nazarda tutilgan. 

Shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlarda ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kiritish taklif etildi. Jarima miqdori uchastka maydoniga bog‘liq bo‘ladi.

Ikkinchidan, MJTKning 266-1-moddasida ko‘rsatilgan mansabdor shaxslar jarimalarni ularning miqdorlaridan qat'i nazar soladilar.

Ayni paytda jarima miqdori vakolatli shaxslardan qaysi biri tomonidan qo‘llanilishiga qarab farqlanadi:

• fuqarolarga EKIHning 5 baravarigacha va mansabdor shaxslarga EKIHning 10 baravarigacha – Yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan nazorat qiluvchi bosh davlat inspektori va uning o‘rinbosarlari tomonidan;
• fuqarolarga EKIHning 3 baravarigacha va mansabdor shaxslarga EKIHning 7 baravarigacha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar davlat inspektorlari tomonidan.

Loyiha o‘zgartirilishi, qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.                                                                                                      

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid