O‘zbekiston | 12:55 / 18.01.2018
9906
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning uch viloyatida yangi teatrlar ochiladi

Foto: Norma.uz

Vazirlar Mahkamasining 5.01.2018 yildagi 9-son qarori bilan 2018-2022 yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. 

Norma.uz’ning xabar berishicha, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

• 2018-2022 yillarda davlat teatrlari faoliyatini yanada takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
• 2018-2022 yillarda davlat teatrlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash hamda jihozlashning manzilli dasturi;
• Xorazm viloyati musiqali drama teatrini kompleks rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.

Qaror bilan Chora-tadbirlar dasturi bajarilishini muvofiqlashtiruvchi komissiya tarkibi tasdiqlandi. Dasturni bajarish bo‘yicha vazifalardan tashqari, Komissiyaga 2018 yilning 1 dekabriga qadar Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida qo‘g‘irchoq teatrlarini tashkil qilish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Madaniyat vazirligiga 3 oy muddatda sohaga oid malakali mutaxassislardan iborat ekspert guruhlarini shakllantirish hamda bugungi zamon talabi va xorijiy ilg‘or tajribalarni inobatga olib, har bir davlat teatrining individual konsepsiyalarini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda teatrlarda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida pandus, maxsus hojatxonalar va tomosha zalidan joy ajratilishiga alohida e'tibor qaratish topshirildi.

Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan ishlar:

• Davlat byudjyeti mablag‘lari;
• Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
• imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar;
• jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
• qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.

Shu yildan boshlab Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har bir davlat teatrida quyidagilarni nazarda tutuvchi sahna asarlari yaratish uchun davlat buyurtmasi berishga haqli:

• yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini tarannum etuvchi, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlar va an'analarni aks ettiruvchi spektakllar;
• aholi, oila munosabatlari, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik, insonparvarlik kabi g‘oyalar asosida tarbiyalovchi badiiy yuksak sahna asarlari;
• yurtimizning buyuk siymolari, xalqimizning boy tarixi, vatanimiz mustaqilligiga ulkan hissa qo‘shgan namoyandalar hayoti va ijodi har tomonlama, chuqur aks ettirilgan sahna asarlari;
• davr bilan hamnafas yashayotgan, hayot sinovlarida toblangan fidoyi insonlar haqida hikoya qiluvchi hamda yoshlarning ma'naviy dunyosini mustahkamlaydigan, kelajakka ishonchini oshiradigan, ibrat bo‘ladigan zamon qahramoni obrazini ifodalovchi spektakllar.

Davlat teatrlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:

• respublika va mahalliy byudjyetlar mablag‘lari;
• davlat teatrlarining spektakl, tomoshalar namoyishi, gastrol faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;
• xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;
• jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
• qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Xorazm viloyati hokimligiga tijorat banklari bilan birgalikda Xorazm viloyati musiqali drama teatri xodimlarini uy-joy bilan ta'minlash topshirildi. Ushbu vazifa uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish hamda teatrga yaqin hududda qurilayotgan ko‘p xonadonli uylardagi xonadonlarni, xarajatlarni homiylik xayriyalari hisobidan qoplagan holda xizmat uylari sifatida teatrga operativ boshqaruvga berish hisobiga bajariladi.

Madaniyat vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda teatrlar xodimlarining ish vaqti hisobini, chiptalar hisobi va hisobotini yuritish uchun dasturiy ta'minot ishlab chiqishlari, shuningdek Internet tarmog‘i orqali chiptalarni elektron sotish tizimini joriy etishlari darkor.

Hujjat 9.01.2018  yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid