Jahon | 17:37 / 20.01.2018
8998
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya elektrsamolyotlarga o‘tadi

Foto: EasyJet

Norvegiya 22 yildan so‘ng davomiyligi 1,5 soatdan ortiqni tashkil etmaydigan qisqa reyslarni amalga oshiruvchi barcha samolyotlarni elektr kuchi bilan tortiluvchi mexanizmga o‘tkazmoqchi. Bu ham ichki parvozlar, ham Skandinaviyaning boshqa mamlakatlariga reyslarga aloqador, deya ma'lum qildi Avinor aeroportlar davlat operatori.

2040 yildan Norvegiyaga yaqin tashuvlar uchun barcha havo kemalari shunday mexanizmga o‘tkaziladi. Bu haqda Avinor davlat kompaniyasining rahbari Dag Falk-Petersen AFP nashriga aytib o‘tgan.

Elektrsamolyotlarga o‘tish birdaniga yuz bermaydi. Falk-Petersenning aniqlik kiritishicha, avvaliga aviakompaniyalar «o‘tish texnologiyalari» - bioyoqilg‘i va gibrid dvigatellarni sinovdan o‘tkazadi. Shuningdek, Avinor 19 yo‘lovchiga mo‘ljallangan kichik elektrsamolyot yordamida tijorat reysini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tender tashkillashtirishni rejalashtirmoqda. Havo kemasining ilk parvozlari 2025 yildayoq amalga oshishi kerak.

Avinor rahbarining ishonch bildirishicha, elektrsamolyotlarga o‘tish Norvegiyadagi ekologik holatga ijobiy ta'sir o‘tkazadi. Statistikaga ko‘ra, Norvegiya hududida havoga chiqariluvchi parnik gazlarning 2,4 foizi havo transporti hissasiga to‘g‘ri keladi. Xalqaro reyslar e'tiborga olinsa, bu ko‘rsatkich deyarli 5 foizga teng bo‘ladi. Elektr kuchi bilan tortiluvchi mexanizmga o‘tish shovqin ifloslanishini qisqartiradi va aviakompaniyalar xarajatini pasaytiradi. 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid