Jahon | 23:45 / 23.01.2018
17801
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «Stalinning o‘limi» filmi prokati bekor qilindi

Foto: Film treyleridan skrinshot

Rossiya Federatsiyasi madaniyat vazirligi Britaniyaning satirik komediyasi, rejissyor Armando Ianuchchi tomonidan suratga olingan «Stalinning o‘limi» filmining prokat guvohnomasini qaytarib oldi. TASS xabariga ko‘ra, film 25 yanvardan katta ekranlarga chiqishi kerak edi, deb yozadi Meduza.

Bungacha filmning yopiq tomoshasi bo‘lib o‘tgan. Unda kino arboblari, Davlat dumasi deputatlari, madaniyat vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a'zolari ishtirok etishgan. Ularning ko‘pchiligi tomoshadan keyin filmni taqiqlash kerak degan qarorga kelishgan.

TASSning yozishicha, madaniyat vazirligidagilar RF hukumati qarori bilan tasdiqlangan, prokat ruxsatnomalariga doir 20 ta qoidaning «d» punktining punktostiga asoslanib ruxsatnomani chaqirib olishga qaror qilishgan. Unga ko‘ra, filmning ommaviy namoyishida Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi bilan taqiqlangan ma'lumotlarga ega materiallar topilsa, prokat guvohnomasi qaytarib olinishi mumkin. Prokatchi guvohnoma qaytarilishi haqida ogohlantirish olgach, 30 kun ichida madaniyat vazirligiga prokat guvohnomasini qaytarib berishi kerak.

«Stalinning o‘limi» filmi Faben Nuri va Terri Robinning shu nomdagi komikslariga asoslangan. Lenta syujyeti 1953 yilda bosh kotib vafot etgach, SSSRda hokimiyat uchun boshlangan kurash atrofida quriladi. Filmda bosh rollarni Stiv Bushemi, Jyeyson Ayzeks, Maykl Peylin, Rupert Frend, Olga Kurilenko va boshqalar o‘ynashgan.

RF madaniyat vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi 23 yanvar kuni uning premerasi Stalingrad jangining tugashi yubileyi bilan to‘g‘ri kelib qolayotgani uchun film prokati sanasini yarim yilga qoldirishni so‘ragan. Shundan so‘ng Davlat dumasi deputatlari filmda ekstremizm alomatlarini ko‘rib, uni qo‘shimcha ekspertizaga jo‘natishni talab qilishgan.

Bundan tashqari kino arboblari madaniyat vaziri nomiga «Stalinning o‘limi» filmi prokat guvohnomasini qaytarib olishni so‘rab, jamoaviy xat jo‘natishgan. Bunga sabab qilib, «film mamlakat tarixiga bepisandlik, fashizm ustidan g‘alaba qozongan fuqarolar xotirasini bulg‘ovchi, mutlaqo noo‘rin komediya» ekanligini aytishgan. Xat ostida o‘z imzolarini Nikita Mixalkov, Vladimir Bortko, Sergey Miroshnichenko, Aleksandr Galibin va boshqalar chekishgan.

 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid