Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chexiyada prezident saylovlarining 2-bosqichi o‘tmoqda
26 yanvarda Chexiyada mamlakat prezidenti saylovlarining 2-turi boshlandi. 26 yanvarning ikkinchi qismi va 27 yanvarning birinchi qismida o‘tadigan bu bosqichda 1-bosqichning ikki g‘olibi – 38,57 foiz ovoz to‘plagan amaldagi prezident Milosh Zeman va 26,6 foiz ovoz olgan, Chexiya fanlar akademiyasining sobiq rahbari Irji Dragosh kurashadilar.
Zeman musulmonlarga qarshi qarashlarni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlaydi. U avvalroq 2015 yilgi migratsiya inqirozini Yevropaga “tashkillashtirilgan bostirib kirish” deb atagan va musulmonlar Yevropa davlatlariga uyg‘unlashib keta olmaydilar, deb hisoblaydi. U shuningdek Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinishi tarafdori hisoblanadi.
Dragosh esa Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik va Rossiyaga qarshi sanksiyalar saqlanib qolishini qo‘llab-quvvatlaydi. U Praga Yevropa Ittifoqida faolroq rol o‘ynashi kerak deb hisoblaydi va Chexiya tomondan yevroning pul birligi sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Umummilliy prezident saylovlari Chexiyada ikkinchi marta o‘tmoqda, 2013 yilgacha mamlakat rahbari parlamentning ikki palatasi deputatlari tomondan saylangan. 2013 yilgi saylovlarda Zeman 54,8 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘lgandi.
Chexiya prezidenti 5 yillik muddatga saylanadi.