O‘zbekiston | 13:40 / 26.01.2018
11383
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Islom akademiyasi Ilmiy kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy universitetida Islom akademiyasi Ilmiy kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda akademiklar, olimlar, professor o‘qituvchilar, fan doktorlari, ilmiy kengash a'zolari va din peshvolari ishtirok etishdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Foto: Muslim.uz

Islom akademiyasi rektori Ne'matulloh Ibrohimov Prezidentning “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ilm sohasida mehnat qilayotgan olimlar, ayniqsa, diniy sohada ilmiy ishlar bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar uchun juda ham katta quvonchli voqea bo‘lganini ta'kidladi. 

Shuningdek, rektor shu yil 16 yanvar kuni Islom akademiyasi davlat ro‘yxatiga olinib, o‘z faoliyatini boshlagani, akademiya oldiga qo‘yilgan maqsad-vazifalar haqida batafsil ma'lumot berdi. Jumladan, ushbu akademiya huzurida ikki yillik magistratura, uch yillik tayanch doktorantura tashkil etilgani mamlakatimiz hayotida ulkan yangilik bo‘lganini ta'kidladi.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu Akademiyada “Qur'onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar hamda ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanishi mo‘min-musulmonlarimiz, ayniqsa, ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar uchun juda katta tuhfa bo‘lganini qayd etib, yurtimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar yetishib chiqishiga asosiy omil ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, Islom akademiyasining Ilmiy kengashi vakolatiga kiruvchi turli masalalar muhokama qilindi. 

Foto: Muslim.uz

Ta'kidlash joizki, Akademiya diniy idora muassisligidagi diniy va dunyoviy ta'lim beruvchi nodavlat ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari – respublikada faoliyat olib borayotgan oliy va o‘rta maxsus diniy ta'lim muassasalarini yuqori malakali ilmiy kadrlar bilan ta'minlash hamda tayyorlanayotgan mutaxassislarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirish, shuningdek, qur'onshunoslik, tafsir va fikh, hadisshunoslik, kalom ilmi yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlarni, yetuk ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashdan iboratdir.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid