Jahon | 10:34 / 04.02.2018
60601
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik “muz bola” internetni “portlatdi”

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari qishning qahratonida maktabiga qalpoqsiz deyarli 5 km piyoda yurib borgandan keyin “muz bola” (Ice Boy) nomini olgan Vang Fuman uchun 450 ming dollar yig‘ib berishdi.

8 yoshli Vang Fuman internetda uning sovuqdan muzlab qolgan sochlari surati paydo bo‘lgandan keyin tanilib ketdi.

Ma'lum bo‘lishicha, bola har kuni maktabiga 4,8 km lik yo‘lni piyoda bosib o‘tadi. Surat olingan kuni bola imtihonga shoshgani sabab boshiga qalpog‘ini kiyishni esidan chiqargan va oqibatda uning boshini oppoq muz qoplagan.

Bola o‘qituvchisining aytishicha, maktab yetarlicha mablag‘ olmagani sababli sinfxonalar isitilmaydi va o‘quvchilar darslarda qalin kiyimlarida o‘tirishga majburlar. Vangning o‘zi esa buvisi va opasi bilan birga nochor ahvolda yashaydi. U surunkali gipotermiya – doimiy sovuq sababli issiqlik yetishmasligidan aziyat chekadi. Bu nuqson oqibatida uning qo‘llari shishib, ishlamay qoladi. Bola uchun nochorlikdan chiqishning yagona yo‘li – ta'lim olishdir. Shu sababli Vang qiyinchiliklarga qaramay astoydil o‘qiydi.

Internet foydalanuvchilari bolaning taqdiriga befarq qolmadilar va bir necha kun ichida u uchun 3 mln yuandan ko‘proq (450 ming dollar) mablag‘ yig‘ishdi. Bu mablag‘lar Vang va qolgan bolalarga issiq kiyim sotib olishga va maktabdagi isitish tizimini ta'mirlashga ishlatiladi.
 

 

Mavzuga oid