«Yo‘qolmasdan oldin bormidi?»: Oltiariqda izsiz yo‘qolgan qo‘ylar mojarosi
Abdulla Qahhorning «O‘g‘ri» degan hikoyasi bor. Yodingizdadir? Qobil boboning ho‘kizini o‘marib ketishadi. Bormagan teshigi, kalla urmagan eshigi qolmaydi. Lekin ho‘kiz topilmaydi.
Shunga o‘xshash voqea XXI asrda Farg‘ona viloyatida ham ro‘y berayapti. «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da viloyatda erishilayotgan yutuqlar, yangi zavodu fabrika, texnologiyalar va innovatsiyalar haqida emas, viloyat va tuman hokimligi darajasida bunday mayda voqealar ro‘y berayotganini yozayotganimni qarang.
Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani, «Qiziltepa» MFYda yashovchi Hasanboy Yunusov va uning qo‘shnisi Rahmatjon Abduqahhorovga tegishli 65 bosh qo‘y Oltiariq tuman IIB tomonidan haydab ketilgani, qo‘ylar fermerning ekin maydoniga kirgani uchun tegishli jarimalar to‘latilgani, yetkazilgan zarar qoplatilgani, lekin ularning qo‘yi g‘oyib bo‘lgani, oradan 20 kundan ziyod vaqt o‘tayotgan bo‘lsa-da, ular qo‘ylarini qaytarib olisholmayotgani haqida oldin ham xabar bergan edik.
Abdulla Qahhornig hikoyasida aminning «Ha, ho‘kizni uylariga eltib berilsinmi?! Axir, borilsin, arz qilinsin-da! Fuqaroning arzga borishi — arbobning izzati bo‘ladi!» degan gaplari bor. Farg‘onalik mutasaddilarda izzat o‘lgur nechog‘lik ekanki, shuncha arz bilan ham ish bitmayapti.
Biz voqea tafsilotlarini so‘rash va ayni vaziyat qandayligini bilish uchun jabrlanuvchi Hasanboy Yunusov bilan bog‘landik va uni savollarga tutdik.
Uning aytishicha, 20 yanvar kuni u va qo‘shni Rahmatjon Abduqahhorov 65 qo‘yni Oltiariq tuman «Qiziltepa» MFY hududidagi «Shohimardonsoy» fermer xo‘jaligi yonidagi zovur yoqasida boqishayotganda sovliqlardan biri tug‘a boshlaydi. U bilan andarmon bo‘lib qolishganda, qo‘ylarning bir qismi fermer xo‘jaligiga qarashli g‘alla dalasiga kirib ketadi.
Voqea ustiga Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev kelib qoladi. U telefonda Oltiariq tuman hokimi X.Niyozov va tuman IIB boshlig‘i I.Saydinovni voqea joyiga chaqiradi va chora ko‘rishni tayinlab, ketadi.
«Salla desa kallani opkeladi», deydilar. Viloyat hokimining topshirig‘ini «a'lo darajada» bajarish, salla desa kallasi bilan yulib yuborish mana shunaqa bo‘ladi:
Oltiariq tuman IIB boshlig‘i I.Saydinovning buyrug‘iga ko‘ra «Qiziltepa» mahalla noziri qo‘ylarni haydab, 2 km narida, biroq Rishton tuman hududidagi shtabga olib borib qamaydi. Rahmatjon Abduqahhorovning o‘g‘li Raim Qodirov qarshilik qilganida uni ham ushlab ketishadi. Bu voqealar 20 yanvar, shanba kuni bo‘lib o‘tgan. Ertasi kuni — yakshanba. Dushanba kuni 22 yanvarda Oltiariq tuman ma'muriy sudining ochiq sud majlisi o‘tkaziladi. Raislik qiluvchi I.Matmusayev sudda qo‘y egalariga jarima soladi, fermerga yetkazilgan zararni qoplash haqida qaror chiqariladi. Qo‘yning egalari barcha to‘lovlarni to‘lashadi. Sudya «endi qo‘ylarni borib olaveringlar», deydi. Ikki kun ichida qo‘ylarini yem-xashak, suv bilan boqib, xabardor bo‘lib turgan egalari borib qarashsaki — qo‘ylar yo‘q.
Sud qarorida qo‘ylar soni 52 bosh deb ko‘rsatilgan. Ammo H.Yunusov o‘ziga tegishli qo‘ylarni to‘g‘ri sanab topshirgani, qo‘ylar 25 bosh bo‘lgani, biroq qo‘y boqishga doimo o‘g‘li R.Qodirov chiqib yurgani uchun o‘sha kuni cho‘ponlik bahona, betobligi bois toza havoda sayr qilishga chiqqan qo‘shnisi, Afg‘on urushi qatnashchisi R.Abduqahhorov qo‘ylari sonini aniq bilmagani uchun taxminan 27 bosh, deb yuboradi. Aslida, uning qo‘ylari 40 bosh bo‘lgan. Qo‘ylar sanab olib ketilganda ham, topshirilganda ham jami 65 bosh bo‘lgan.
«Qo‘ylar 65 bosh ekanligi haqida sizga biror qog‘oz berilmadimi?», deb savol berdim H.Yunusovga. «Yo‘q, qog‘oz talab qilganimizda qo‘llarimizni qayirib ichki ishlar bo‘limiga olib ketishdi», dedi u.
Xullas, endi mobodo qo‘ylar qaytarilgan taqdirda ham, R.Abduqahhorov 40 bosh emas, 27 bosh qo‘y oladi, shekilli. Chunki, sudning xatiga tushgani hisob. Xatga tushding — o‘tga tushding.
Shundan buyon ularning ham Qobil bobo singari kirmagan teshigi, kalla urmagan eshigi qolmaydi. Viloyat hokimligiga borib yordam so‘rashsa, ularni eshikdan ham kirgizishmaydi. Tuman hokimi «men qo‘ylaringni bilmayman», deydi. IIB boshlig‘i ham shu kabi javob beradi. Qiziq, u qanday IIB boshlig‘i-ki, yo‘qolgan qo‘ylar haqida xabar berilsa — ishni issiq izidan ochish o‘rniga «men bilmayman qo‘ylaringni», deb tursa?! Alyo, militsiya!!!
Men nimalar reja qilinganini tushuntiraman: Qo‘ylar Rishton tumani hududiga olib ketilgan. Yo‘qolgan narsani qidirish bilan voqea yuz bergan hudud militsiyasi shug‘ullanishi kerak, ya'ni Rishton tuman militsiyasi. Chunki Oltiariq tuman militsiyasi «qo‘ylar bizning hududimizda yo‘qolmagan», deyishi aniq. Rishton tumani militsiyasi «qo‘yni biz olib kelmaganmiz, bundan mutlaqo xabarimi yo‘q» deydi. Qo‘y egalari esa ikki o‘rtada sarson, sargardon, koptok bo‘lib, charchab, ezilib, qarg‘anib-qarg‘anib, axiyri shu qo‘ylardan kechib yuboradi: «Oltmish beshta qo‘y bo‘lsa bir gap bo‘lar, xudo ajalga to‘zim bersin», deb. Kimdir shunday bo‘lishini kutyapti chog‘i...
42 yoshli Hasanboy Yunusovning aytishicha, qo‘shnisi bilan ro‘zg‘or tebratish uchun mana shu qo‘ylarni ko‘paytirib boqib, tirikchilik qilib kelayotgan bo‘lishgan. Tumanda ishlay desa — qishning kunida tuzukroq ish yo‘q. Bu yoqda farzandlarini turmushga uzatishi, o‘qitishi kerak. Oilaning yagona daromad manbaiga chang solinayapti, axir!
Tuman rahbarlarining boshboshdoqlikka yo‘l qo‘yayotgani ortidan oddiy fuqarolarning haqini bemalol, javobgarliksiz mana shunday yeb ketaverish mumkinmi? Bo‘ldi, ular e'tiborsizlik tufayli ma'muriy huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan ekan, jarimasini to‘ladi, zararni qopladi. Yana nima qilsin? Qo‘ylari «adolatparvar» viloyat va tuman rahbarlarining bir og‘iz so‘zi bilan musodara bo‘ladimi endi? Qani, bunga bir parcha asos?!
Tuman hokimi Xolmirza Niyozov H.Yunusovga «Internetga yozdingmi, bor, qo‘ylaringni internetdagilar topib bersin endi», debdi.
Biz vaziyatga oydinlik kiritish uchun Oltariq tuman hokimi Xolmirza Niyozovga qo‘ng‘iroq qildik. U qayerdan qo‘ng‘iroq qilayotganimizni eshitgach, «yig‘ilishdaman», deb go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Kun bo‘yi bog‘lanishga bo‘lgan keyingi urinishlarimiz ham besamar yakunlandi. Tuman IIB navbatchilik bo‘limidan bog‘lanish uchun IIB boshlig‘i I.Saydinovning qo‘l raqamini so‘rab ololmadik. Bizning raqamimizni u kishiga yetkazish vazifasini esa bajara olmayman, dedi navbatchi. Viloyat hokimi yordamchisiga ham tahririyatdan kun bo‘yi qo‘ng‘iroq qilib, ulana olmadik.
H.Yunusovning ma'lum qilishicha, u bilan bog‘liq vaziyat markaziy va internet nashrlarida ovoza bo‘lgach, mahalla profilaktika inspektori uni chaqirtirgan va «Farg‘ona haqiqati» gazetasi muxbiri bilan tanishtirgan. Muxbir qo‘ylar egasiga: «Nega markaziy nashrlarga chiqdingiz, axir biz ham muammoni yechishga yordam berardik-ku!?» — deya o‘z yordamini taklif etgan. Unga intervyu bergan Hasanboy aka viloyatdagi barcha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgani, natija bo‘lmaganidan keyingina markaziy nashrlar bilan bog‘langanini ma'lum qilgan.
Hasanboy Yunusov qo‘shnisi Rahmatjon Abduqahhorov bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga ham murojaat qilishgan. Ular ham voqeani o‘rganishmoqda...
Shu o‘rinda, paytdan foydalanib, adolat istab maqola yozayotgan jurnalistlarni biryoqlamalikda, o‘z rahbarlariga nisbatan nafrat paydo qilishda ayblab, chiqishlar qilgan farg‘onalik qalamkashlarga murojaat qilmasam bo‘lmaydi:
Qanisiz, adolatparvar, xalq manfaatini o‘ylovchi zabardast farg‘onalik jurnalistlar? Xabaringiz yo‘qmi viloyatda yuz bergan, mana endi, butun respublikaga ovoza bo‘lgan shu chigal masaladan?! Qani, viloyat hokimidan oq fotiha olib, yengingizni shimarib, ishga kirishing-chi, hal qila olarmikansiz mana shu muammoni?! Ko‘raylik, qoyil qolaylik. Faqat chorvadorlarni o‘zlarini aybdor qilib chiqarmanglar, iltimos. Ular qonunda belgilangan jazosini olib bo‘lishgan. Qo‘ylarni qaytarish kerak endi.
Muxtasar qilib aytganda, izzattalab «aminlar» bu tarzda ketma-ket arzga mushtoq bo‘lib turaverishsa, qo‘ylarini topish uchun H.Yunusov va R.Abduqahhorovning «duoning zo‘ri bilan qulf ochadigan» azayimxonga obdastagardon qilishdan o‘zga chora qolmaydi… Lekin aniq-ki, bu ham kor qilmaydi.
Sh.Shokirjonov.
Kun.uz jurnalisti.
Tahririyatdan: Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Mavzuga oid
23:35 / 25.11.2024
Farg‘ona aeroportida havo kemalarini qabul qilishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
11:20 / 22.11.2024
“Qani deputatlar, nega qaramayapti?” - propan narxidan haydovchilar xavotirda
19:02 / 21.11.2024
Farg‘ona aeroportida havo kemalarini qabul qilishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
11:28 / 21.11.2024