Jahon | 08:06 / 14.02.2018
22567
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkdagi portlash ijrochisi umrbod qamoq jazosi oldi

Foto: AP

AQShning Nyu-York shahri va Nyu-Jyersi shtatida portlashlarni tashkillashtirishda gumon qilinayotgan, kelib chiqishi afg‘onistonlik bo‘lgan Ahmad Xon Rahimiy umrbod qamoq jazosi oldi. Bu haqda okrug sudyasi Richard Berman ma'lum qilgan, deb xabar berdi CNN telekanali.  

Rahimiy ayblovning 8 ta bandi bo‘yicha aybdor deb topildi. Sudyaning aytishicha, sodir etilgan jinoyat “jirkanch, bema'no va hayot uchun xavfli bo‘lgan”. Rahimiyning o‘zi portlashga aloqadorligini rad etgan.

2016 yil sentabrda Nyu-Yorkning Chelsi tumanida va Nyu-Jyersining Oushen okrugida portlashlar sodir bo‘lgan. Nyu-Yorkdagi portlashda 31 kishi jarohat olgan, Nyu-Jyersida jabrlanganlar bo‘lmagan. Rahimiy politsiya bilan otishmadan keyin qo‘lga olingan. Politsiya uni yaralashga muvaffaq bo‘lgan. Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, Rahimiy qo‘lbola portlovchi qurilma tayyorlash uchun kerakli detallarni eBay onlayn-maydonchasida sotib olgan.

CNN ma'lumotlariga ko‘ra, Rahimiy 2011 yilda AQSh fuqaroligini olgan. Ayblanuvchining otasi NBC telekanaliga bergan intervyusida o‘z o‘g‘lini “terrorchi” deb atagan va portlashlar vaqtida hech kim halok bo‘lmaganidan xursandligini aytgan.  

Mavzuga oid