O‘zbekiston | 19:40 / 15.02.2018
5185
2 daqiqa o‘qiladi

Barselonada O‘zbekiston sayyohlik salohiyatining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘zbekturizm

Barselonada O‘zbekiston sayyohlik salohiyatining taqdimoti va Toshkent-Barselona-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

15 fevral kuni Barselona shahridagi Gallery mehmonxonasida O‘zbekistonning Ispaniya qirolligidagi elchixonasi va Kataloniya turizmni rivojlantirish agentligi qo‘llab-quvvatlashi ostida O‘zbekiston sayyohlik salohiyatining taqdimoti va "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKning Toshkent-Barselona-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot davomida shuningdek O‘zbekiston va Ispaniyaning yetakchi turistik kompaniyalari vakillari ishtirokida V2V formatdagi uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda Barselona shahri targ‘ibot ishlari direktori janob Mario Rubert, Kataloniya Turizmni rivojlantirish agentligi rahbari Xaver Espasa, Kataloniya ishbilarmonlar konfederatsiyasi vakili janob Xoakim Gay de Montella, shuningdek yetakchi turistik kompaniyalar vakillari hamda Kataloniya OAV qatnashdi. 

Foto: O‘zbekturizm

Bunday yuqori martabali shaxslarning ishtiroki mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bo‘lgan katta qiziqishdan va O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholashdan dalolat beradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonga sayohat qilmoqchi bo‘lgan Ispaniya fuqarolari uchun soddalashtirilgan viza rejimi qo‘llaniladi, bu esa O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar oqimi ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Tadbir davomida mehmonlarga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini ochib beruvchi videoroliklar namoyish qilindi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid