Jahon | 00:21 / 21.02.2018
9194
3 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko Donbassni qayta integratsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi

Foto: RIA «Novosti»

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko harbiy kabinet yig‘ilishi chog‘ida Donbassni qayta integratsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi, deb yozmoqda RIA Novosti.

Hujjat qonuniy kuchga kirishi uchun rasmiy nashr «Ukraina ovozi» gazetasida chop etilishi kerak.

Hujjatni imzolash chog‘ida Poroshenko ushbu qonun Donbassni siyosiy diplomatik jihatdan Kiyev nazorati ostiga qaytarishning «huquqiy mexanizmini ta'minlab berishi»ni ta'kidladi. U shu ondayoq mudofaa vaziri va Bosh shtab rahbariga 1 aprelgacha mamlakat sharqidagi harbiy operatsiyalar formatini o‘zgartirish va birlashgan qurolli kuchlar qo‘mondonligiga nomzod yuzasidan takliflar tayyorlashni buyurdi. 

Qonunning mohiyati

Ukraina Oliy Radasi Donbassni qayta integratsiya qilish haqidagi qonunni 18 yanvar kuni ma'qulladi. Qonun matnida Rossiya bosqinchi davlat deb ataladi, mamlakat janubi-sharqiy qismidagi Kiyevga bo‘ysunmayotgan hududlar «bosib olingan» deb tan olingan. «Vaqtinchalik bosib olingan» aholi punktlarining chegaralari va ro‘yxati Bosh shtab taklifi asosida va mudofaa vazirligining taqdimiga ko‘ra prezident tomonidan aniqlashtiriladi.

Qonun prezidentga tinchlik vaqtida qurolli kuchlardan mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun foydalanish huquqini beradi. Bu mamlakat sharqida urush e'lon qilmasdan armiyadan foydalanishni qonuniylashtiradi. Bundan tashqari, deputatlar birinchi o‘qishdayoq mojaroni tartibga solishda Minsk kelishuvlarining ustuvorligi haqidagi punktni chiqarib tashlashdi. 

Radadagi «Muxolifatchilar bloki» qonunni rad etishga urinib ko‘rishdi, lekin bu taklifni parlament deputatlaridan 37 kishigina qo‘lladi. Zarur minimum esa 226 ta ovozga teng.

O‘zini mustaqil deb elon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarida qonun keskin tanqid ostiga olindi, u Minsk kelishuvlariga zid ekanligi, harbiylarning qo‘lini yechishi ta'kidlandi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov ham yangi qonun Minsk kelishuvlari ustidan chiziq tortishini ta'kidlab o‘tdi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid