Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Angliyada final, Ispaniyada derbi. Haftaning eng muhim uchrashuvlari
Har doimgidek uik-endda Yevropada bir chempionat va kubok bahslaridagi bir qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Tribuna.Uz an'anaviy ravishda bo‘lajak o‘yinlarga batafsil to‘xtaladi.
BARSeLONA - JIRONA (24 fevraldan 25 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

Kataloniyaning «Jirona» klubi mavsumning kashfiyoti bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin. Jironaliklar «Atletiko» bilan ikki marta durang o‘ynashdi, «Real» mag‘lub etildi. Jamoa o‘z maydonidagi so‘nggi 4 uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonib, biror marta gol o‘tkazib yubormadi – 12-0. Natijada «Jirona» xavfli zonadan 16 ochko ilgarilab ketgan holda, kuchli sakkizlikdan joy olib turibdi.
Birinchi davrada o‘tgan uchrashuvda Valverde shogirdlari yirik hisobda g‘alaba qozonishgan bo‘lsa-da, bu safargi o‘yin oson bo‘lmasligi tayin. Zero «Barselona» so‘nggi o‘yinlarda gol urishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Messi va sheriklari so‘nggi 7 o‘yinda atigi 10 gol urishganini ta'kidlash joiz. Buning ustiga, «Barselona» hafta o‘rtasida «Chelsi»ga qarshi oson kechmagan o‘yinda maydonga tushdi, bu jihatdan ko‘proq dam olgan «Jirona»da qo‘shimcha ustunlik yuzaga kelishi mumkin.
Mavsum boshidan buyon «Barselona»ning faqat «Real» bilan ochko farqi hisoblanib, Ispaniyada hammasi hal bo‘lgandek tuyulgan bo‘lsa-da, so‘nggi pallaga kelib, «Atletiko» paydo bo‘ldi va hozirda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni atigi 7 ochko ajratib turibdi xolos. Bahorda «Atletiko» Chempionlar Ligasida o‘ynamasligini ham e'tiborga olsak, «Barselona»ning xato qilishga haqqi yo‘q.
KRISTAL PELAS - TOTTeNHEM (25 fevral, 17:00)

«Tottenhem»ning birinchi davradagi eng qiyin g‘alabalaridan biri aynan mana shu derbiga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda «Kristal Pelas» har bir ko‘rsatkich bo‘yicha mezbonlardan qolishmagan, faqat ikkinchi bo‘lib o‘rtalarida Son Hyong Minning goli «Tottenhem»ga g‘alaba olib kelgandi.
Pochettino jamoasi juda yaxshi formaga kirib oldi, qatorasiga 14 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramayapti. Ayniqsa, «Liverpul», «Manchester Yunayted», «Yuventus» va «Arsenal»ga qarshi o‘tkazilgan o‘yinlar ham «Tottenhem» uchun maqbul hisoblarda yakunlangani tahsinga sazovor. Lekin yengil tin olishga hali erta, «Kristal Pelas» o‘z maydonida har qanday raqibga qarshilik qilishga qodir. Ushbu stadionda «Chelsi»ning mag‘lubiyatga uchraganini, «Manchester Siti»ning zo‘rg‘a mag‘lubiyatdan qutulib qolganini eslasak, bu o‘yin juda qizg‘in kechishini oldindan ayta olamiz.
«Tottenhem» nihoyat kuchli to‘rtlikka yaqinlashib oldi, «Kristal Pelas»ni esa, xavfli zonadan atigi 1 ochko ajratib turibdi xolos. Ya'ni, turnir e'tibori bilan ham har ikki jamoaga g‘alaba suv va havodek zarur.
MANCheSTeR YuNAYTeD - CheLSI (25 fevral, 19:05)

Yanvarning boshida bu ikki jamoa murabbiylari o‘rtasida dahanaki janglar bo‘lib o‘tgandi. O‘sha paytda kutilayotgan bu o‘yin mana shu munosabatlarning eng avj pallasi bo‘lishi tahmin qilingandi. Ammo hozir keskinlik u darajada emasligini aytish kerak.
Sababi, Joze Mourino endi ichki frontda kurash boshlab yubordi – Pol Pogba va boshqa ba'zi futbolchilar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish kerak. Kontega ham bir gap ortiqcha, hafta o‘rtasida «Barselona» ustidan qozonilayotgan muhim g‘alabaning boy berilishi jamoaga salbiy ta'sir qilgan bo‘lishi turgan gap.
Shunday bo‘lsa-da, Premer-Liganing klassik o‘yinlaridan biri, har ikki jamoa ham kuchli to‘rtlik yo‘lida keskin kurash olib bormoqda. Bu o‘yindagi g‘alaba mana shu yo‘ldagi juda muhim qadam bo‘lishi aniq. Aprelda «Old Trafford»da o‘tgan o‘yinda «MYu» har jabhada raqibini yengib, 2:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, bu mavsumdagi ilk o‘yin «Chelsi»ning katta ustunligida o‘tgan va Morataning yagona goli o‘yin taqdirini hal qilgandi.
Mavsum boshida Mourino 3 himoyachi bilan to‘p suradigan jamoalarga qarshi 3-4-3 ni sinab ko‘rgan va qaysidir ma'noda muvaffaqiyat keltirgandi. «Chelsi» ham shu uslubda to‘p surishini e'tiborga olsak, portugaliyalik mutaxassis yana 3-4-3 ga murojaat qilishini kutsa bo‘ladi.
Jarohatlarga kelsak, «Chelsi» tarkibida David Luiz hali ham tarkibga qaytmadi, Barkli va Bakoyokoning ham holati noma'lumligicha qolmoqda. Mezbonlarda esa, Ander Erreraning Sevilyadagi jarohati jiddiy bo‘lib chiqdi. Qaytganlardan esa, Erik Bayini alohida aytish mumkin, shuningdek, Zlatan Ibrahimovich o‘tgan haftadan boshlab umumiy guruhda shug‘ulanmoqda.
BAYYeR - ShALKe 04 (25 fevral, 19:30)

Liverkuzenliklar oxirgi olti o‘yinning beshtasida g‘alaba qozonishdi va 38 ochko bilan turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. «Shalke» hisobida esa, 37 ochko bor va jamoa oltinchi o‘rinda bormoqda.
Bundesliga ham shu ma'noda APLni eslatib yuboryapti – birato‘la 5 jamoa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beradigan uch o‘rin uchun ayovsiz kurashga kirishgan. Bu o‘yinni mana shu nomzodlar o‘rtasidagi o‘zaro to‘qnashuv sifatida baholash mumkin.
Jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida 1:1 hisobida durang qayd etilgan. Liverkuzendagi so‘nggi o‘yinda esa, mehmonlar yirik – 4:1 hisobida ustun kelishgandi.
ARSeNAL - MANCheSTeR SITI (25 fevral, 21:30)

Pep Gvardiolaning Manchesterga kelganiga bir yarim yildan oshdi. Bu davr mobaynida u transferlar uchun besh yuz milliondan ko‘p pul sarfladi, juda ko‘p o‘yinchilarni sotib yubordi, jamoa o‘yinini yangi bosqichga ko‘tardi va «Manchester Siti» katta farq bilan Angliyada yetakchilik qilmoqda.
Ertaga bo‘lib o‘tadigan bu uchrashuvning ahamiyati nimada? Klublar uchun ikkinchi darajali hisoblanadigan Liga kubogining finali, ammo aynan shu o‘yinda Gvardiola Angliyadagi ilk sovrinini yutishi mumkin. Balki ispaniyalik murabbiyning keyinchalik yutadigan juda ko‘p yirik sovrinlarining debochasi bo‘lar, ko‘ramiz.
Raqib ham anoyi emas. «Arsenal» so‘nggi yillarda kubok o‘yinlarida Angliyaning eng muvaffaqiyatli jamoasi sanaladi. Angliya kubogining so‘nggi 4 mavsumining uchtasida Venger jamoasi g‘olib chiqqanini aytish kifoya. O‘tgan mavsumda «Arsenal» yarim finalda aynan «Manchester Siti»dan ustun kelganini ham ta'kidlash joiz.
«Manchester Siti» mavsum boshidagi barqarorlikni namoyish eta olmayapti. Balki bu hal qiluvchi palla oldidan yengil tin olishdir, bilmadik, ammo fakt shuki, Gvardiola jamoasi Angliyadagi so‘nggi to‘rt safar o‘yinida g‘alaba qozona olmayapti. «Kristal Pelas» va «Byornli»da durang, «Liverpul»da mag‘lubiyat. Ayniqsa, Angliya kubogida «Uigan»dan uchralgan mag‘lubiyat alamli bo‘ldi. «Manchester Siti»ning o‘zi ishtirok etayotgan barcha musobaqalarda g‘olib chiqish orzusi chilparchin bo‘ldi. Ammo Liga kubogi ham trebl qayd etish uchun yaxshi imkoniyat.
«Arsenal» Yevropa Ligasi 1/16 finalida deyarli ikkinchi tarkibni tushirdi va mana shu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Manchesterliklar uchun ham bu sovrin muhimlik darajasiga chiqqan – yuqorida aytilganidek, Pep uchun bu birinchi sovrin bo‘lishi mumkin.
Qizig‘i, bu jamoalarning chempionat uchrashuvi ham aynan shu turga belgilangandi. Liga kubogi munosabati bilan qoldirildi. Oradan uch kun o‘tib, 1 mart kuni xuddi to‘qnashuvga yana bir bor guvoh bo‘lamiz.
ROMA - MILAN (25 fevraldan 26 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

Nihoyat Jyennaro Gattuzo «Milan»ning dardiga davo topdi shekilli, jamoa 2017 yilning 23 dekabridan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Bu davrda «Milan» 11 o‘yinda maydonga tushdi va 8 tasida g‘alaba qozondi. Barcha musobaqalardagi so‘nggi 4 o‘yin ham «Milan»ning g‘alabasi bilan yakunlanmoqda. Hali gapirishga ertadir, ammo bu muvaffaqiyatli seriya natijasida «Milan» deyarli kuchli oltilikka kirib oldi va Chempionlar Ligasi o‘rni bilan ularni faqat 8 ochko ajratib turibdi xolos. Mavsum davomida chempionlikka asosiy da'vogar deb kelingan «Inter» bilan oradagi farq atigi 6 ochko bo‘lib qolganining o‘zi ham faqat «Inter»ning omadsizili emas, albatta.
Bu yurishni davom ettirish uchun endi Rimda zafar quchish kerak. Go‘yoki imkonsizdek ko‘rinadi, ammo «Roma»ning so‘nggi turlardagi uy o‘yinlariga e'tibor bersak, «Milan»da imkoniyat yomon emas. «Roma» Rimdagi so‘nggi 4 o‘yinning 3 tasini «Torino», «Sampdoriya» va «Atalanta» kabi o‘rtamiyonalarga boy berib qo‘ydi.
Har ikki jamoa ham hafta o‘rtasida yevrokuboklarda ishtirok etishdi. «Milan» «Ludogorets»ni yengib, nimchorak finalga chiqqan bo‘lsa, «Roma» YeChL chorak finaliga chiqish uchun endi «Shaxtyor»ni o‘z maydonida yutishi kerak bo‘ladi.
Raqiblar o‘rtasidagi so‘nggi 15 o‘yinning 7 tasida «Roma»ning qo‘li baland kelgan, uch o‘yinda «Milan» g‘alaba qozongan. Birinchi davrada «San Siro»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda «Roma» 2:0 hisobida ustun kelgandi.
SeVILYa - ATLeTIKO (25 fevraldan 26 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

Yuqorida tilga olib o‘tilganidek, «Atletiko» hozirda «Barselona»dan atigi 7 ochkoga ortda bormoqda. La Ligada chempionlik intrigasini qaytarish uchun madridliklar nafaqat Ispaniyaning, balki Yevropaning eng qiyin stadionlaridan birida g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.
Bu oson bo‘lmaydi, «Sevilya» bu yil o‘z maydonida faqat bir marta, Andalusiya derbisida mag‘lubiyatga uchradi xolos. Chempionlar Ligasida «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinni, bu o‘yinda faqat De Xeaning mahoratigina inglizlarni mag‘lubiyatlan qutqarib qolganini ham hamma ko‘rdi. Bir oy oldin esa, aynan «Sevilya» «Atletiko»ni ikki marta yutib Qirollik kubogidan chiqarib yuborgandi. Xullas, mavsumning ikkinchi yarmiga kelib, «Sevilya» juda yaxshi sport formasiga kirib oldi va raqibiga munosib qarshilik qilishi shubhasiz.
O‘z navbatida «Atletiko»ning natijalari ham yomon emas. «Atletiko» La Ligadagi so‘ngi 8 o‘yinning 7 tasida g‘alaba nashidasini surdi. O‘sha yuqorida aytilgan «Sevilya»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng Simeone shogirdlari qatorasiga 6 o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashdi.
Jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida madridliklar 2:0 hisobida ustun kelgandilar.
Boshqa o‘yinlar:
24 fevral. BAVARIYa - Herta (19:30), LIVeRPUL - Vest Hem (20:00), ReAL - Alaves (20:15).
25 fevral. YuVeNTUS - Atalanta (22:00)
Qahramon Aslanov tayyorladi.
Mavzuga oid
19:21 / 20.04.2018
Anons: Italiyada yil o‘yini, Angliyada so‘nggi umid o‘yinlari
18:05 / 08.05.2017
Vengerning tarixiy g‘alabasi, 16 yildan so‘ng taxtga qaytgan «Spartak» va uik-endning boshqa yorqin lahzalari
17:52 / 01.05.2017
Kuchli beshlikning kutilgan chempioni, shimoliy Londonning yangilangan tarixi va uik-end boshqa yorqin lahzalari
19:25 / 17.04.2017