Sport | 19:21 / 20.04.2018
11689
12 daqiqa o‘qiladi

Anons: Italiyada yil o‘yini, Angliyada so‘nggi umid o‘yinlari

To‘g‘risini aytish kerak, o‘tgan haftalarda chempionatlardagi asosiy ta'qibchilar hafsalani pir qilishdi. «Bavariya» va «PSJ» 2-o‘rindagi jamoalarni mos ravishda 6:0 va 7:1 hisobida yengib, chempionlikni rasmiylashtirishgan bo‘lishsa, shunaqa o‘yinda xarakter ko‘rsatgan «Manchester Yunayted» uch kun o‘tib, yanada xunukroq tarzda chempionlikni topshirishdi. «Vest Bromvich» «Old Trafford»da zafar quchdi.

Kecha esa, bu masalada ancha jiddiy va yengilmas bo‘lgan «Atletiko» ham ishongan tog‘dagi kiyik kabi, «Real Sosedad» maydonida yirik mag‘lubiyatga uchradi va «Barselona»ning ishini osonlashtirib berdi. Demak, kuchli beshlikda chempionlik masalasi deyarli hal.

Shunday bo‘lsa-da, biz qiziqib kuzatiladigan mamlakatlar intrigadan xoli emas. Keling, kelayotgan dam olish kunlari e'tiborimizni jalb qiladigan asosiy bahslar haqida hikoya qilamiz.

ANGLIYa: So‘nggi umid o‘yinlari

«Arsenal» mavsumni boshi uzra superkubokni ko‘targan holda boshlagandi, «Manchester Siti» chempionat bilan birga, fevralda Liga kubogini yutib olgan. «Liverpul»da hali Yevropadagi eng nufuzli turnirda g‘olib bo‘lish imkoniyati bor. Top-6 dagi ushbu mavsumda hali sovrin yutmagan qolgan uch jamoada esa, Angliya kubogi so‘nggi imkoniyat bo‘lib qolmoqda. Sovrin esa bitta, demak uch jamoadan ikkitasi yilni quruq qo‘l bilan tugatishadi.

Ertaga, 21 aprel kuni, soat 21:15da «Uembli»da dastlabki yarim final o‘yini bo‘lib o‘tadi. «Tottenhem» va «Manchester Yunayted» o‘rtasida. Har ikki jamoa ham hafta o‘rtasidagi chempionat bahslarini o‘tkazishdi va aytish kerakki, bu o‘yinlarga tanlangan tarkiblar jamoalarinng aynan yarim final o‘yiniga katta e'tibor qaratganliklarini sezish mumkin edi.

Ushbu jamoalarning APLdagi o‘yinlarida «Old Trafford»da mezbonlar 1:0, Londondagi o‘yinda esa, «Tottenhem» 2:0 hisobida ustun kelgan. Umuman, so‘nggi yillarda bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida aksariyat hollarda mezbonlar g‘alaba qozonishyapti. Ana endi, neytral maydonda kim kuchli ekanini bilib olamiz. O‘yin «Tottenhem» butun mavsum uy o‘yinlarini o‘tkazgan «Uembli»da bo‘lib o‘tsa-da, bu safar har ikki tomonning muxlislari deyarli teng bo‘lishini bo‘lishi katta ahamiyat kasb etadi.

Yana bir fakt, «Manchester Yunayted» ushbu stadionda qatorasiga olti («Manchester Siti» – 3:2, «Uigan» - 2:0, «Everton» – 2:1, «Kristal Pelas» – 2:1, «Lester» – 2:1, «Sauthempton» – 3:2) kubok o‘yinida g‘alaba qozonib kelmoqda. 

«Yunayted» va «Tottenhem» hech bo‘lmasa, YeChL o‘rnini naqd qilishdi, «Chelsi» uchun esa, bu sovrin rostanam oxirgi imkoniyatdir. Konte jamoasiga narigi juftlikdan ko‘ra osonroq raqib tushgandek, ammo boshqa tomondan, APLda omadsizlikka uchrayotgan klub kubokni qo‘lga kiritishga urinib ko‘rishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, 2012/13 yilgi mavsumida Premer Ligani tark etgan «Uigan» Angliya kubogini yutib olgandi. «Sauthempton» o‘tgan yili Liga kubogi finalida «Uembli»da «Manchester Yunayted»ga munosib raqib bo‘la olganini ham unutmaslik kerak.

«Chelsi» va «Sauthempton» o‘rtasidagi so‘nggi besh o‘yinda londonliklarning qo‘li baland kelgan.

Tarkiblarga qarasak, «Sauthempton» Lemina va Buffalni maydonga tushira olmasa kerak. Konte esa, uch o‘yinga diskvalifikatsiya olgan Markus Alonsodan foydalana olmaydi. O‘yin yakshanba, 22 aprel kuni soat 19:00 da boshlanadi.

ISPANIYa: Ispaniya kubogi finali

Hozirda «Real» muxlislari otda, lekin atigi o‘n kundan keyin hammasi chappasiga ketishi, madridliklar «Bavariya»dan yutqazib, yakunda «Barselona» ikki sovrin bilan mavsumni tugatishi mumkin. Bunga birinchi qadam, ertaga, 21 apreldan 22 aprelga o‘tar kechasi¸ Madridda, «Atletiko» uy o‘yinlarini o‘tkazadigan «Vanda Metropolitano»da tashlanishi mumkin.

Shu kuni «Barselona» «Sevilya»ga qarshi maydonga tushadi.

«Sevilya» ushbu mavsumda milliy chempionatda beqaror o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa-da, kubok tizimidagi bahslarda iliq taassurot qoldirdi. Yevropa Chempionlar Ligasida «Liverpul», «Manchester Yunayted» kabi jamoalarga qarshi 4 o‘yinda biror marta ham yutqazmadi. Chorak finalda «Bavariya»ga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Ispaniya kubogidan «Atletiko»ni chiqarib yubordi. Eslasangiz, «Barselona»ga qarshi La Liga o‘yinida ham katta ustunlik namoyish etgan, o‘shanda kataloniyaliklar so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolishgandi.

Ya'ni tarkib jihatidan tajribali futbolchilarga ega bo‘lgan «Sevilya» alohida uchrashuvda har qanday raqibga qarshi natija ko‘rsatishi mumkin. Bu jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi final – Yevropa Superkubogi ham hammaning yodida. «Barselona» faqat qo‘shimcha vaqtda 5:4 hisobida g‘alaba qozongandi.

Kataloniyaliklar tarkibida «Sevilya»ning sobiq futbolchisi Ivan Rakitich maydonga tusha olmasligi mumkin. Barmog‘ini sindirib olgan xorvatiyalik futbolchi mashg‘ulotlarga qatnasha boshlagan bo‘lsa-da, asosiy tarkibdan chetda bo‘lishi kutilmoqda.

Yana bir e'tiborli jihat, andalusiyaliklar himoyachisi Kleman Langle yangi mavsumni «Barselona» tarkibida boshlashi haqida xabarlar tarqaldi. Final o‘yinida esa u «Sevilya» sharafini himoya qiladi.

ITALIYa: Yil o‘yini

Italiyada esa, to‘g‘ridan to‘g‘ri chempionlik masalasini hal qiladigan to‘qnashuv kutmoqda.

O‘tgan turda «Krotone»ga qarshi o‘yinda «Yuventus» qoqildi va mavsum tugashiga 5 tur qolganda «Napoli» bilan oradagi farq endi 4 ochkoni tashkil qilmoqda. Endi esa, Turinda «Yuventus» va «Napoli» o‘zaro orani ochiq qiladi. Bu o‘yin «Napoli»ga farqni qisqartirish uchun imkoniyatmi yoki o‘yinning Turinda bo‘lib o‘tishini hisobga olsak, oxirgi besh turda sirtqi kurash osonroq bo‘larmidi, aytish qiyin. Biz muxlislar uchun albatta, chempionlikka dadil qadam tashlaydigan jamoa bu qadamni o‘zaro o‘yinda tashlagani durust va chiroyli chiqadi. Agar «Yuventus» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, oradagi farq 7 ochkoni tashkil etadi va to‘rt o‘yin qolganda bu farqni yo‘qqa chiqarish amaliy tomondan imkonsiz.

Tarkib jihatidan «Yuventus»da ahvol biroz yomonroq. Madriddagi o‘yin qahramonlaridan biri Mario Manjukich kasal bo‘lib qoldi, shuningdek, Miralem Pyanich yana mushaklaridan jarohat oldi. «Napoli» esa, o‘yinga juda yaxshi holatda yetib kelmoqda. Faqat uzoq muddatga safdan chiqqan Feyzi G‘ulom hanuz to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q.

Jamoalarning Neapolda o‘tgan o‘yinida mehmonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

GeRMANIYa: YeChL yo‘llanmasi uchun

Bundesliganing bu mavsumi avvalgilarga o‘xshamayapti. Gap «Bavariya»ning chempionligida emas, uning orqasidan kelayotgan va YeChL o‘rinlari uchun kurashayotgan jamoalarning ko‘p ekanida. Peshqadam klublar beqaror o‘yin ko‘rsatishdimi yoki rostdan ham bu o‘rinlarga da'vogar kuchli jamoalar ko‘paydimi? Ikki javob ham qisman to‘g‘ri, balkim.

Faqat «Shalke» Rur derbisidagi g‘alabadan so‘ng, 5-o‘rin bilan farqni 8 ochkoga oshirib, YeChL yo‘llanmasini deyarli naqdlab oldi. 3-4 o‘rinlar uchun kurash qizigan.

Bu turda ham 3-7 o‘rinlarni egallab turgan jamoalarning ikkita o‘zaro to‘qnashuvi bor. «Borussiya» o‘z maydonida «Bayyer»ni qabul qiladi. Hozircha har ikki jamoa 51tadan ochko to‘plagan holda 3-4 o‘rinlarda borishmoqda. Keyingi jamoa hisobida 47 ochko borligini e'tiborga olsak, bu turdan keyin ham to‘rtlik o‘zgarmaydi, lekin bu o‘yinda mag‘lub bo‘lgan jamoaga pastdagilar ancha yaqinlashib olishadi.

«Bayyer» avvalgi ikki turda ham Top-7 jamoalar bilan o‘ynadi va har ikki o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozondi. So‘nggi 3 o‘yindan ikkitasi alamli («Bavariya» – 0:6, «Shalke» - 0:2) mag‘lubiyatga uchragan dortmundliklar esa, bu safar vaziyatni o‘nglashga urinishlari shart.

Bu ikki jamoani eng yaqin ta'qibchisi «Leyptsig» o‘z maydonida «Hoffenhaym»ni qabul qiladi. Mehmonlar bir ochko kam to‘plashgan – 46. Demak bu o‘yinda ham YeChL yo‘llanmasi uchun kurashga ta'sir qila oladigan qiziqarli  kurashni ko‘rishimiz mumkin.

FRANTsIYa: Qaysi «Olimpik»?

Kelasi mavsumda Fransiyadan YeChLda «Olimpik» jamoasi qatnashadi. Faqat bu o‘sha 90-yillar boshida Yevropani zir titratgan «Marsel»mi yoki «Real»ning tushlariga kirib chiqadigan, madridliklarning asr boshlaridagi gegemonliklariga kamtarona barham bergan «Lion»mi? Bu savol so‘nggi turlargacha Fransiyada yangrab tursa kerak.

Ha, Fransiya kuchli beshlikka kiradi, ammo afsuski, kuchli to‘rtlik emas. Faqat uch fransuz jamoasi kelasi mavsumda Chempionlar ligasida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi xolos.

Hozircha «Lion» va «Marsel» hisobida 66tadan ochko bor. Bu turda «Lion» safarda o‘rtamiyona «Dijon» mehmoni bo‘lsa, «Marsel» o‘z maydonida «Lill«ni qabul qiladi. «Lill» ligada qolish uchun kurash olib borayotgan jamoa ekanini ham ta'kidlash lozim.

O‘YINLAR

20 aprel

DIJON – LION (24:00)

21 aprel.

LeYPTsIG – HOFFeNHAYM (18:30)

MARSeL – LILL (20:00)

MYu – TOTTeNHEM (21:15)

BORUSSIYa – BAYYeR (21:30)

BARSeLONA – SeVILYa (24:30)

22 aprel

CheLSI – SAYTHEMPTON (19:00)

YuVeNTUS – NAPOLI (23:45)

UzA Qarshiyev Aziz
Tayyorlagan UzA Qarshiyev Aziz
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid