Aprelning so‘nggi uik-endiga kelib Yevropaning eng kuchli beshta chempionatida dastlabki chempion nomi aniq bo‘ldi. Kutilganidek «Bavariya» bundesligada hech kimga non qoldirmadi. Angliyada «Tottenhem» azaliy raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Fransiyada «PSJ» uzoq yillik tanaffusdan so‘ng chempionlikdan quruq qolish arafasiga kelib qoldi. Uik-endning shu kabi bir qator yorqin voqeiliklarini Tribuna.Uz yodga olib o‘tishga qaror qildi.
Shimolda esgan teskari shamol
Angliya premer-ligasi tashkil etilganidan buyon «Tottenhem» Shimoliy Londondagi eng azaliy raqibi «Arsenal»dan deyarli har bir mavsumda ortda qolib kelgan. So‘nggi yillarda o‘sishga erishgan Pochettino jamoasi «Arsenal»dan endi yuqori o‘rinni egallaydi deb kutganida baribir «Arsenal» so‘nggi turlarda bu ishni puchga chiqarardi. Nihoyat oradan 22 yil o‘tib «Tottenhem» bu an'anaga barham berdi. Aynan Shimoliy London derbisidagi g‘alaba evaziga «shporlar» mavsumni «Arsenal»dan teparoqda yakunlash masalarini hal qilib qo‘ydi.
Peshqadam «Chelsi» esa joriy mavsumdagi top-7ning so‘nggi jamoasiga qarshi uchrashuvni muvaffaqiyatli o‘tkazib oldi. Liganing eng yaxshi hujumchisiga ega jamoa uyida darvoza daxlsizligini saqlagan Konte jamoasi «Tottenhem» bilan oradagi farqni saqlab qoldi.

Manchesterning ikki jamoasi esa autsayderlarga qarshi kechgan uchrashuvlarda ochko yo‘qotdi. Mourino jamoasi «Suonsi»ni qabul qilib g‘alaba qozona olmagan bo‘lsa, Gvardiola va Ko «Midlsbro» uyida so‘nggi daqiqalarda g‘alabadan qutulib qoldi.
Barqaror Ispaniya, barqaror grandlar














