O‘zbekiston | 12:30 / 24.02.2018
306999
2 daqiqa o‘qiladi

15 yil O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashidjon Qodirov qo‘lga olindi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan sobiq bosh prokuror R.X.Qodirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 23 fevral kuni R.X.Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlandi.

Ta'kidlanishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. 

Eslatib o‘tamiz, bir kun avval «Kun.uz» muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan Bosh prokuratura Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xodimi Qodirovga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida tarqalgan xabarlarni rasman inkor qilgandi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, sobiq bosh prokurorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi xabarlar aslida 22 fevral kuni paydo bo‘lgandi. Kun.uz'dagi tasdiqlanmangan ma'lumotlarga ko‘ra, yana boshqa yuqori lavozimda ishlagan sobiq prokuratura xodimlari ustidan ham ishlar ochilgan.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi - Tovlamachilik, 205-moddasi - Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish, 210-moddasi - Pora olishdir. 

Respublika Bosh prokurori lavozimida 2000 yil aprelidan faoliyat yuritib 15 yil ishlagan Rashidjon Qodirov 2015 yilning aprelida ishdan bo‘shatilgan edi. U 2015 yil mayidan Respublika Konstitutsion sudi a'zosiga aylangan, ammo 2017 yilning avgustidan sud a'zolari tarkibida uning nomi yo‘q bo‘lib qolgandi.

Mavzuga oid