Jamiyat | 20:37 / 26.02.2018
182182
5 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar Ittifoqi yetakchisi qizlarning ro‘molini yechtirish bilan ovora

Foto: AFP

23 fevral kuni Namangan shahrida joylashgan Yengil sanoat kasb-hunar kollejida ro‘mol o‘ragan qizlarga qarshi reyd tadbiri o‘tkazildi. Bu haqda Namangan viloyatida bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Ma'lum qilinishicha, mazkur kollejdagi Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi sifatida ishlab kelayotgan Mavluda Husanova o‘quvchi qizlarning ro‘molini yechib yurishga undagan.

«​O‘quv binosiga kirishimiz bilan Akmalxon domla (kollejda psixolog lavozimida ishlaydi - tahr.) va Mavluda oya ro‘molni yechib qo‘yishimizni so‘raydi. Aks holda yashash joyimizga tegishlicha ma'lumot yuborishi, ota-onamizni ma'muriy javobgarlikka tortib, jarima to‘lashga majbur bo‘lishini ta'kidlaydi. Bu holat shu yil hisobidan 5-6 marta takrorlandi. So‘nggi marta 23 fevral kuni «ro‘molli qizlar» bilan shu taxlitdagi yig‘ilish o‘tkazildi»​, deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan o‘quvchilardan biri.

Afsuski, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Mavluda Husanova bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Shuningdek, «Akmalxon» ismli kollej psixologi shaxsiy ishlari bilan band bo‘lgani tufayli, uni ham kollej binosidan topishning imkoni bo‘lmadi.

Kollej direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Boqijonovning ta'kidlashicha, «​o‘quv muassasasida ro‘mol o‘rashga nisbatan hech qanday taqiq joriy etilmagan»​.

«Ro‘mol milliy qadriyatimizning bir bo‘lagi, qizlarimiz uni chiroyli qilib o‘rab keladi. Rahbariyat yo o‘qituvchilar bunga qarshilik qilmaydi. To‘g‘ri, arabiy bosh kiyimlarga taqlid qilib, hijob (ro‘mol ostidan kiyiladigan bosh kiyim nazarda tutilmoqda - tahr.) o‘ranib kelsa, bu vaziyatda ozroq tanbeh berib, kollejda yurish-turish tartibini eslatib turamiz. Ammo, ro‘mol o‘rash - har bir qizning mustaqil qarori», deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Namangan shahrida istiqomat qiluvchi aholining alohida xarakteri, jamiyatning qiziqish va qarashlarini hisobga olib, «ro‘molli qizlar» masalasiga «qattiq» qarash joiz emas.

«​Bundan 3-4 yillar avval, og‘zaki topshiriqlar berilib, «ro‘mol masalasi» ta'lim muassasalarida umuman muhokama etilmasdi. So‘nggi paytlarda ro‘mol din va e'tiqod ishi ekanligi aytilsada, uni o‘rash-o‘ramaslikni qizlar mustaqil hal qilishi kerak, deb bilaman»​, deya fikrini to‘ldirdi Bahodir Boqijonov.​

Direktor o‘rinbosari masalaga munosabat bildirarkan, «ro‘molning qanday o‘ralishi» muhim omil ekanini ta'kidlayverdi. Lekin milliy bosh kiyimlardan biri sifatida e'tirof etilgan ro‘mol ta'lim jarayoniga qanchalik xalaqit qilishi haqidagi savol ochiq qoldi.

«​Kollej rahbariyatining, qolaversa, har biri a'zosining kishining vijdon erkinligi huquqidan foydalanishga qarshiligi yo‘q. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan barcha qonunlarga so‘zsiz bo‘ysuniladi. Bundan tashqari, aytish lozimki, kollej ichki tartib qoidalari nizomida «ro‘mol o‘rab yurish mumkin emas» deb yozib qo‘yilmagan»​, deydi kollej direktori kasb ta'lim bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Yusupov.

Mutasaddi vakillarning rasmiy munosabati olinmaguncha ushbu masala ochiq qolaveradi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yili muslima ayollar diniy bilim olishi uchun tashkil etilgan «​Hadichai Kubro»​da o‘qish istagida bo‘lgan qiz ro‘mol o‘rab yurgani uchun huquqbuzar sifatida jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Farrux Absattorov ham din va vijdon erkinligi kabi uzviy huquqlaridan to‘la foydalana olmagani haqida gapirib bergandi.​​

Mavzuga oid